Tramp Kapitoliy tartibsizliklarini kechirmoqchi
Olam
−
09 dekabr
1811AQSHning saylangan prezidenti 2021 yilda ro‘y bergan Vashingtondagi tartibsizliklar bo‘yicha sudlanganlar ishini lavozimga kirishganining birinchi kunidayoq ko‘rib chiqishga va’da berdi. Bu haqda u NBC News telekanaliga bergan intervyusida ma’lum qildi.
“Men birinchi kuniyoq juda tez harakat qilaman”, degan Tramp.
Trampning so‘zlariga ko‘ra, uning ushbu voqealarda ayblangan ko‘plab tarafdorlari ko‘p yillar davomida hatto ochilishiga ham ruxsat berilmaydigan iflos, jirkanch joyda saqlangan. Shu bilan birga, u barcha sudlanganlarni afv etmoqchi emasligini va ishlarni alohida ko‘rib chiqishini aytdi.
“Ba’zi istisnolar odam radikal yoki aqldan ozgan holatlarga tegishli bo‘ladi”, dedi u.
2021 yilning 6 yanvar kuni Donald Tramp tarafdorlari demokrat Jo Baydenning o‘sha paytdagi prezidentlik saylovidagi g‘alabasini firibgarlik natijasida tan olinishini talab qilib, AQSH Kongressi binosiga bostirib kirgandi. Ko‘pchilik politsiya xodimlariga nisbatan zo‘ravonlik ko‘rsatgandi.
Vashingtondagi 2021 yilgi tartibsizliklarda ayblanuvchilar nimada ayblanmoqda?
NBC News telekanaliga ko‘ra, tartibsizliklar bo‘yicha kamida 1572 kishiga ayblov e’lon qilingan va 1251 nafardan ortig‘i sudlangan yoki aybiga iqror bo‘lgan. Shundan kamida 645 nafar ayblanuvchi bir necha kundan 22 yilgacha bo‘lgan muddatga federal qamoq jazosiga hukm qilingan. Hozirda 250 ga yaqin odam hibsda bo‘lib, ularning aksariyati sudlangandan keyin jazo muddatini o‘tamoqda.
Qayd etilishicha, Tramp o‘z aybiga iqror bo‘lgan mahbuslarni, jumladan, politsiya xodimlariga hujum qilganini tan olganlarni ham afv etishini istisno etmagan.
“Chunki ularning tan olishdan boshqa iloji yo‘q edi”, deb ta’kidlagan saylangan prezident.
To‘polonda aybiga iqror bo‘lgan, lekin politsiya xodimlariga hujum qilganlikda ayblangan 900 dan ortiq ayblanuvchi haqida so‘ralganda, Tramp ular bosim ostida o‘z aybiga iqror bo‘lganini aytdi.
“Men bu tizimni bilaman. Bu juda buzuq tizim”, dedi Tramp.
NBC News eslatganidek, Vashingtondagi tartibsizliklar bilan bog‘liq ayblovlar noqonuniy yurishda qatnashishdan tortib, fitna uyushtirishgacha bo‘lgan ayblovlarni o‘z ichiga oladi.
Hibsda saqlanayotganlar orasida g‘alayonda ayblangan o‘ta o‘ngchi “Proud Boys” va “Qasamyodchilar” guruhi a’zolari, tartibsizlikni tergov qilgan FQB agentlarini o‘ldirishga uringanlikda ayblanganlar, tartibsizliklar paytida havoga o‘q uzganlikda ayblanganlar bor.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Kolumbiya okrugi federal sudi sudyasi Tanya Chatken AQSHning saylangan prezidenti Donald Trampga 2021 yil yanvarida Kapitoliy tepaligidagi tartibsizliklar bo‘yicha “nozik ma’lumotlarni” oshkor qilishni taqiqlab, “tilini tiyib yurish”ni buyurgandi.
LiveBarchasi