Tramp qonunni imzoladi: Epshteyn hujjatlari oshkor qilinadi
Olam
−
20 noyabr 2025 2917 3 daqiqa
AQSH Prezidenti Donald Tramp kecha, 19 noyabr kuni Adliya vazirligiga jinsiy jinoyatchi Jeffri Epshteyn bo‘yicha uzoq yillik tergov materiallarini oshkor qilishni majburiy etuvchi qonunni imzoladi.
Bu hujjatlar Trampning ham siyosiy raqiblari, ham tarafdorlari tomonidan katta qiziqish bilan kutilgan edi.
Materiallar Epshteynning faoliyatiga yanada ko‘proq oydinlik kiritish mumkin – u 2008 yilda voyaga yetmaganni fohishalikka jalb qilish ayblovi bilan sudlanishidan oldin Tramp va boshqa taniqli shaxslar bilan muloqotda bo‘lgan.
Mazkur janjal oylar davomida Tramp uchun og‘riqli masala bo‘lib keldi. Sababi Prezident o‘zi Epshteyn haqidagi turli fitna nazariyalarini tarqatgan va uning ko‘plab tarafdorlari Epshteynning nufuzli shaxslar bilan aloqalari, shuningdek, 2019 yilda Manxetten qamoqxonasida tergov davomida sodir bo‘lgan va rasman o‘ziga qasd deyilgan o‘limi haqidagi ayrim ma’lumotlar yashirilgan, deb hisoblaydi.
“Reuters” manbalariga ko‘ra, yaqin vaqtlargacha Tramp Respublikachi qonun chiqaruvchilarni bu choraga qarshi chiqishga chaqirib kelgan. U ichki tergov hujjatlarini oshkor qilish prezidentlik instituti uchun zararli bo‘lishi mumkin degan xavotir bildirgan. Biroq bu hafta qonun uning qo‘llab-quvvatlashisiz ham ikki partiya yordamida qabul qilinishi aniq bo‘lib qolganidan so‘ng Tramp o‘z fikrini o‘zgartirdi.
Respublikachi Tramp qonunni imzolashni ijtimoiy tarmoqda nishonlab, bu chora “ayrim demokratlar va ularning Jeffri Epshteyn bilan aloqalari haqidagi haqiqatni” ochishga yordam berishini yozdi.
Tramp demokratlarni Epshteyn janjalini siyosiy qurolga aylantirib, uning yutuqlarini soya ostida qoldirishga va respublikachilarning siyosiy g‘alabalaridan e’tiborni burishga urinib kelayotganlikda aybladi. U Epshteynni demokratlar bilan bog‘liq shaxs sifatida tasvirlab, hujjatlar e’lon qilinishi “ularning aloqalarini” ochib qo‘yishini bildirdi.
“Balki demokratlar va ularning Jeffri Epshteyn bilan aloqalari haqidagi haqiqat yaqin orada ochilar”, deb yozdi u 19 noyabr kuni Truth Social’da.
Kunning avvalrog‘idagi matbuot anjumanida Bosh prokuror Pem Bondi Adliya vazirligi Epshteynga oid materiallarni 30 kun ichida e’lon qilishini tasdiqladi. Bu talab respublikachilar nazoratidagi Qo‘shma shtatlar Kongressi – Quyi palata va Senat tomonidan 18 noyabr kuni qabul qilingan qonunlarda belgilangan.
“Biz qonunga amal qilishda davom etamiz va maksimal oshkoralikka intilamiz”, dedi Bondi.
Hujjatlar to‘liq bo‘lmasligi mumkin
Biroq hujjatlarning e’lon qilinishi to‘liq bo‘lmasligi mumkin. Chunki Kongress qabul qilgan qonun Adliya vazirligiga Epshteyn qurbonlarining shaxsiy ma’lumotlari va amalga oshirilayotgan tergovga zarar yetkazishi mumkin bo‘lgan materiallarni yashirishga ruxsat beradi.
So‘nggi “Reuters”/“Ipsos” so‘roviga ko‘ra, amerikaliklarning atigi 20 foizi, jumladan, 44 foiz respublikachilar Trampning Epshteyn ishini yuritish tarzini ma’qullaydi. So‘rovda qatnashganlarning taxminan 70 foizi, shu jumladan 87 foiz demokratlar va 60 foiz respublikachilar hukumat Epshteynning mijozlari haqidagi ma’lumotlarni yashirayotganiga ishonadi.
O‘tgan hafta Tramp Epshteyn bilan bog‘liq bo‘lgan bir qator demokratik siyosatchilarni tekshirishni buyurgan edi va rasmiylar bu shaxslarga doir ma’lumotlarni oshkor qilmaslikka qaror qilishi mumkin.
Adliya vazirligi jamoatchilikdan ma’lumotni yashirishda ko‘p hollarda “davom etayotgan tergovni himoya qilish” zaruratini keltiradi.
Sudlar bu yil Trampning Adliya vazirligi tomonidan Epshteyn va uning sobiq hamkori Jisleyn Maksvellga oid katta hakamlar hay’atidagi jarayonlar transkriptlarini ochish to‘g‘risidagi so‘rovini rad etgan. Maksvell hozirda Epshteynga voyaga yetmagan qizlarni jinsiy zo‘ravonlikka duchor etishda yordam bergani uchun 20 yillik qamoq jazosini o‘tab kelmoqda.
Live
Barchasi