Tramp Qatar bilan 1,2 trln dollarlik bitim imzoladi
Olam
−
15 may 4800 2 daqiqa
Kecha, 14 may kuni AQSH Prezidenti Donald Tramp va Qatar hukumati o‘rtasida 1,2 trillion dollardan ortiq qiymatga ega iqtisodiy hamkorlik to‘g‘risidagi shartnoma imzolandi. Bu haqda Oq uy bayonot berdi.
“Bugun Qatarda Prezident Donald Tramp Qatarning kamida 1,2 trillion dollarlik iqtisodiy almashinuvi haqida kelishuvga imzo chekdi”, deyiladi bayonotda.
Bitim doirasida Qatar AQSHdan 210 dona Boeing 787 Dreamliner va 777X samolyotlari xarid qiladi. Ularning umumiy qiymati 96 milliard dollarni tashkil etadi. Qatar shuningdek, MQ-9 Reaper razvedka va hujumga mo‘ljallangan dronlarini qariyb 2 milliard dollarga sotib oladi. Raytheon FS-LIDS (Fixed Site – Low, Slow, Small Unmanned Aerial System Integrated Defeat System) – kichik, sekin va past balandlikdagi dronlarga qarshi mo‘ljallangan tizimlar ilk bor Qatarga eksport qilinadi. Bu kelishuvning qiymati 1 milliard dollarni tashkil qiladi.
Bungacha Oq uy matbuot kotibi Kerolayn Livittning Qatar hukumati Boeing 747-8 samolyotini AQSH Mudofaa vazirligiga foydalanish uchun topshirishni taklif qilgani, ammo bu taklif hali huquqiy kelishuv bosqichida ekanini aytgan. Tramp esa bu taklifni rad etish “ahmoqlik bo‘lar edi”, deya izoh bergan.
Bu bitim Qatar va AQSH o‘rtasidagi eng yirik iqtisodiy kelishuvlardan biri hisoblanadi.
Eslatib o‘tamiz, ayni damda Tramp Yaqin Sharqqa tashrif buyurgan. AQSH Prezidenti hozirgacha mazkur tashrif davomida Saudiya Arabistoni bilan AQSH iqtisodiyotiga 600 mlrd dollar sarmoya kiritish bo‘yicha bitim imzoladi. Shuningdek, Boeing kompaniyasi Qatarga 200 mlrd dollarlik 160 dan ortiq samolyot yetkazib berishi to‘g‘risida kelishuvga erishildi.
Live
Barchasi