Tramp Garvardni AQSH demokratiyasi uchun tahdid deb atadi

Olam

image

AQSH Prezidenti Donald Tramp Garvard universitetini antisemitik muassasa deb atadi va u AQSH demokratiyasiga tahdid solayotganini ta’kidladi. Bu haqda u “Truth Social” ijtimoiy tarmog‘ida yozdi.

“Garvard – bu antisemitik, o‘ta chap qanot muassasa bo‘lib, u bizning mamlakatimizni parchalab yuborishni istaydigan dunyo bo‘ylab kelgan talabalarni qabul qiladi. Bu joy – bu liberal tartibsizlik, u yerda muayyan guruhdagi aqldan ozgan telbalar auditoriyalarga kirib-chiqib, yolg‘on g‘azab va nafratni tarqatishi mumkin. Bu, rostdan ham, dahshatli!” dedi Tramp o‘z postida.

AQSH Prezidenti, shuningdek, Garvard AQSH demokratiyasi uchun “tahdid” ekanini qayd etdi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Garvard universiteti professorlari Tramp administratsiyasining federal moliyalashtirishni tekshirish bilan tahdid qilishiga javoban sudga murojaat qilgan edi. Keyinroq ma’lum bo‘lishicha, Tramp ma’muriyati Garvard uchun 2,2 milliard dollarlik grantlarni muzlatib qo‘ygan.  

Tramp va Garvard orasidagi qarama-qarshilik

Avvalroq, Tramp ma’muriyati talabalarning Falastinni qo‘llab-quvvatlovchi norozilik namoyishlarida ishtirok etishini bahona qilib, bir qator universitetlar, jumladan Garvard universitetiga federal moliyalashtirishni muzlatish bilan tahdid qilgan edi. Rasmiylar, shuningdek, fuqarolik huquqlari to‘g‘risidagi qonunlarga rioya qilishlarini ta’minlash uchun Garvardga turli tashkilotlar tomonidan ajratilgan 8,7 milliard dollardan ortiq grantlarni tekshirayotganini aytdi.

Bunga javoban Garvard universiteti Trampning universitetni “isloh qilish” talablarini bajarmasligini bildirdi. Garvard professorlari federal jamg‘armalar bo‘yicha tergovga qarshi da’vo arizasi bilan murojaat qildi.

Tramp ma’muriyati, o‘z navbatida, 2,2 milliard dollarlik federal mablag‘lar to‘xtatilishi va 60 million dollarlik shartnomaning to‘xtatilishini e’lon qildi.
Oq uy matbuot kotibi Kerolayn Livittning aytishicha, muzlatish antisemitizm qonunlariga rioya qilishni ta’minlash uchun qilingan. AQSH Soliq xizmati, shuningdek, Garvard universiteti uchun soliq imtiyozlarini bekor qilishni ko‘rib chiqayotganini aytdi.


Maqola muallifi

Teglar

Donal'd Tramp Garvard

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing