Tramp Finlyandiya Prezidentini ham Tinchlik kengashiga taklif qildi
Olam
−
19 yanvar 912 2 daqiqa
AQSH Prezidenti Donald Tramp Finlyandiya Prezidenti Aleksandr Stubbni G‘azo bo‘yicha tinchlik kengashiga kirishga taklif qildi. Bu haqda “Helsingin Sanomat” gazetasi Stubb idorasiga tayanib xabar berdi.
“Ba’zi jahon yetakchilari ham Kengashga taklif qilinganliklarini aytishdi. Ular orasida Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an, Misr Prezidenti Abdulfattoh as-Sisi, Argentina Prezidenti Xaver Miley va Kanada Bosh vaziri Mark Karni, Yevropa komissiyasi rahbari Ursula fon der Lyayen bor”, deb yozmoqda.
Kengashga Rossiya Prezidenti Vladimir Putin ham taklif qilingan, Kreml bu taklifni o‘rganmoqda.
Markaziy Osiyo davlatlaridan esa Qozog‘iston Prezidenti Qosim-Jomart To‘qayev va O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev ham xuddi shunday taklifni qabul qildi.
Eslatib o‘tamiz, AQSH Prezidenti Donald Tramp joriy yil 16 yanvarda G‘azo sektorida Tinchlik kengashi tuzilishini e’lon qilgan edi. Ushbu tuzilmani tashkil etish Trampning G‘azo bo‘yicha tinchlik rejasining bir qismi bo‘lib, unda xalqaro kuchlarni joylashtirish ham nazarda tutilgan. Birlashmaning ijroiya qo‘mitasi tarkibiga AQSH Davlat kotibi Marko Rubio, Trampning maxsus vakili Stiv Uitkoff, Prezidentning kuyovi Jared Kushner hamda Buyuk Britaniyaning sobiq bosh vaziri Toni Bler kiradi.
“Bloomberg” ma’lumotlariga ko‘ra, AQSH G‘azo sektori bo‘yicha xalqaro Tinchlik kengashida doimiy o‘rin olishni istagan davlatlardan kamida 1 milliard AQSH dollari badal kiritishni so‘ramoqda. Ijroiya kengashining birinchi raisi Trampning o‘zi bo‘lib, tashkilot a’zoligiga kimni qabul qilish masalasini aynan u hal qiladi. Tinchlik kengashiga a’zo bo‘lgan har bir davlat uch yildan ortiq bo‘lmagan muddatga tayinlanadi va bitta ovozga ega bo‘ladi. Kengash qarorlari ko‘pchilik ovoz bilan qabul qilinadi, biroq ularning barchasi rais – Tramp tomonidan tasdiqlanishi shart.
Live
Barchasi