Rossiya – Ukraina o‘rtasida muzokara o‘tkazish uchun 5 nomzod ma’lum bo‘ldi
Olam
−
12:14 1252 2 daqiqa
Yevropada Ukrainadagi urushni to‘xtatish masalasi bo‘yicha Rossiya bilan muzokaralar olib borishi mumkin bo‘lgan nomzodlar muhokama qilinmoqda. Bu haqda diplomatik manbalarga tayanib, “The Telegraph” xabar berdi.
Nashr ma’lumotlariga ko‘ra, hozirda beshta yevropalik yetakchi ko‘rib chiqilmoqda: Italiya Bosh vaziri Jorja Meloni, Finlyandiya prezidenti Aleksandr Stubb, Chexiya Prezidenti Petr Pavel, Daniya Bosh vaziri Mette Frederiksen va Norvegiya Bosh vaziri Yonas Gar Styore.
Gazeta manbalarining aytishicha, potensial nomzodlar bilan allaqachon bog‘lanilgan.
“Yevropa, birinchidan, ruslar bilan muzokaralar olib borish zarurligi bo‘yicha hamfikr bo‘lish kerakligini anglab yetdi. Ikkinchidan, ushbu pozitsiya aynan qanday bo‘lishi kerakligi bo‘yicha ham hamfikr bo‘lishi lozim”, deydi muhokamalar borishi bilan tanish manba.
“The Telegraph” xabariga ko‘ra, so‘nggi haftalarda Yevropada shaxsiy muzokaralar guruhini shakllantirishga bo‘lgan chaqiriqlar kuchaygan. Bungacha qit’a mamlakatlari pozitsiyasini himoya qila oladigan yagona yevropalik yetakchini aniqlashga bo‘lgan urinishlar muvaffaqiyatli yakunlanmagan.
Nashr suhbatdoshlaridan biri yakunda bir nechta yetakchilardan iborat guruh tuzilishi mumkinligini taxmin qilgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, bunday variant alohida mamlakatlar o‘rtasidagi raqobatning va muayyan nomzodning rad etilishi ehtimolining oldini olishga imkon beradi.
Finlyandiya Prezidenti Aleksandr Stubb Ukrainani qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha Yevropa sa’y-harakatlarida faol ishtirok etmoqda va AQSH Prezidenti bilan aloqalarga ega. Chexiya Prezidenti Petr Pavelning nomzodi ham NATO tuzilmalaridagi o‘tmishdagi ish tajribasi va harbiy muzokaralardagi ishtiroki inobatga olingan holda muhokama qilinmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Rossiya Prezidenti Vladimir Putin AQSH vositachiligida Ukraina bilan uch tomonlama tinchlik muzokaralarini kelasi oy qayta boshlashga rozi bo‘lgani haqida xabar berilgan edi. Muzokaralar joriy yilning 10 noyabrida yoki undan keyin Birlashgan Arab Amirliklarining Abu-Dabi shahrida o‘tkazilishi mumkin.
Live
Barchasi23 Oktyabr