“Tinchlik kengashi” donorlardan bir dollar ham ololmadi – FT

Olam

image

AQSH Prezidenti Donald Tramp tomonidan shu yilning yanvar oyida Davosdagi Jahon iqtisodiy forumida katta shov-shuv bilan e’lon qilingan “Tinchlik kengashi” hanuzgacha va’da qilingan milliardlab dollarni ololmadi. Bu haqda “Financial Times” xabar berdi.

Qayd etilishicha, deyarli BMTning o‘rnini bosuvchi tuzilma sifatida taqdim etilgan ushbu tashkilotning moliyaviy fondi bo‘m-bo‘sh bo‘lib turibdi. Tashkilotning o‘zi esa G‘azo sektorini qayta tiklash bo‘yicha va’da qilingan loyihalarni amalga oshirishni boshlamasdanoq huquqiy va siyosiy boshi berk ko‘chaga kirib qolgan.

Vaziyatdan xabardor to‘rtta manbaning gazetaga ma’lum qilishicha, Jahon banki tomonidan Tinchlik kengashi uchun ta’sis etilgan va BMT tomonidan ma’qullangan fondga donorlardan mablag‘ kelib tushmagan. 

“Hisob raqamiga biror dollar ham tushgani yo‘q”, deydi manbalardan biri.

Kengash matbuot kotibi va vaziyat bilan tanish bo‘lgan yana bir shaxsning so‘zlariga ko‘ra, kengash xayriyalarni fond orqali emas, balki to‘g‘ridan to‘g‘ri JPMorgan bankida ochilgan o‘z hisob raqamiga qabul qila boshlagan. Jahon banki fondning moliyaviy holati to‘g‘risida donorlar va kengash a’zolari oldida hisobot berishga majbur bo‘lgan bir paytda, JPMorgan’dagi hisob raqami uchun bunday shaffoflik talablari mavjud emas. Ya’ni, Tramp undagi pullarni amalda o‘z xohishiga ko‘ra tasarruf etishi mumkin.

Rasmiy vakilning so‘zlariga ko‘ra, “Tinchlik kengashi” o‘z moliyaviy faoliyati to‘g‘risidagi hisobotni Tramp ma’muriyati mulozimlari va boshqa maslahatchilardan iborat bo‘lgan boshqaruv kengashiga “loyiq deb topgan vaqtida” taqdim etadi.

Marokash va Birlashgan Arab Amirliklari (BAA) bank hisob raqamiga mos ravishda 3 million va 20 million dollar o‘tkazgan. Ushbu mablag‘lar Trampning G‘azo ishlari bo‘yicha vakili hamda sektorni boshqarish uchun “Tinchlik kengashi” tomonidan tuzilgan Falastin texnokratik qo‘mitasi faoliyatini ta’minlashga yo‘naltirilgan. 

Biroq davlatlarning hech biri Tramp tomonidan qachonlardir tuzilgan “eng ahamiyatli” xalqaro tashkilotlardan biri sifatida ta’riflangan “Tinchlik kengashi”ga “umrbod a’zolik” uchun belgilangan 1 milliard dollarlik badal pulini hali kiritmagan. Tashkilot ochilishida mamlakatlar G‘azoni tiklash uchun 7 milliard dollar va’da qilgan, Tramp esa AQSH nomidan yana 10 milliard dollar ajratish niyati haqida gapirgandi.

Nashrning yozishicha, AQSH Davlat departamenti boshqa davlatlarga yordam sifatida ajratilgan 1,2 milliard dollarlik mablag‘ni kengash bilan bog‘liq loyihalarga qayta yo‘naltirishga tayyorgarlik ko‘rmoqda. Ammo bu pullar ham kengash fondiga tushmaydi.

“Kengashga bu mablag‘larning hech biri kelib tushgani yo‘q. Ularning hech biri Tinchlik kengashi tasarrufida emas. Davlat departamenti bizga bu pullarning biron bir qismi Tinchlik kengashi tomonidan boshqarilishini hech kim rejalashtirmayotganini aytmoqda”, deydi kongressmenlardan birining yuqori lavozimli yordamchisi.

Eslatib o‘tamiz, Tramp 60 ta davlatga taklifnoma yuborgan, shulardan 24 tasi taklifni qabul qilganini ma’lum qilgan, ta’sis hujjatlarini imzolash marosimida esa 19 ta davlat vakillari, jumladan, O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev ham ishtirok etgan edi. O‘shanda Tramp to‘qqiz davlat – Qozog‘iston, Ozarbayjon, BAA, Marokash, Bahrayn, Qatar, Saudiya Arabistoni, O‘zbekiston va Quvayt “Tinchlik kengashi” uchun jami 7 mlrd dollar ajratish majburiyatini olganini aytgan edi.


Maqola muallifi

Teglar

Donal'd Tramp G'azo Tinchlik kengashi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing