Tramp falastinliklarni hurmat qilishi kerak – Makron

Olam

image

Fransiya Prezidenti Emmanuel Makron AQSH Prezidenti Donald Trampning g‘azoliklarni ommaviy deportatsiya qilish rejasini qoralab, falastinliklarni hurmat qilishga chaqirdi. Bu haqda u kecha, 11 fevral kuni CNN telekanaliga bergan intervyusida so‘z ochgan.

Fransiya rahbari Trampning G‘azo sektoriga uzoq muddat egalik qilish va aholini ko‘chirish tashabbusiga qarshi chiqqan.

“G‘azo cho‘l hududi emas, balki ikki million odam yashaydigan va qolishni istaydigan yer. Ikki million odamga endi ko‘chish kerak, deb ayta olmaysiz. To‘g‘ri yondashuv ko‘chmas mulk masalasi emas, balki siyosiy jarayondir”, degan Fransiya rahbari.

Uning so‘zlariga ko‘ra, G‘azo sektori uchun “Falastin xalqining o‘z davlatiga ega bo‘lish istagini hurmat qiladigan” siyosiy yechim topish zarur. U, shuningdek, Misr va Iordaniya suverenitetini ham hurmat qilishga chaqirgan.

“Iordaniya va Misrning mintaqadan ko‘p sonli qochqinlarni qabul qilishni istamasligini hurmat qilishimiz kerak”, degan Makron.

Shuningdek, Fransiya yetakchisi Isroilning G‘azo va Livanda amalga oshirayotgan harbiy amaliyotlaridagi siyosiy xatti-harakatlarini ochiqchasiga qoralagan.

“Men har doim Isroil Bosh vaziri Binyamin Netanyaxu bilan hamfikr emasligimni aytganman. Tinch aholiga zarar yetkazadigan bunday operatsiya har doim ham to‘g‘ri ekaniga ishonmayman”, deya qo‘shimcha qilgan Makron.

Ma’lumot uchun, Fransiya 2024 yil oktyabr oyida Isroil armiyasiga qurol eksportini to‘xtatib, boshqa davlatlarni ham shunday yo‘l tutishga chaqirgandi. Stokgolm xalqaro tinchlik tadqiqot instituti ma’lumotlariga ko‘ra, Fransiya so‘nggi yillarda Isroilga hech qanday yirik qurol eksport qilmagan, ammo qurol uchun butlovchi qismlar yetkazib bergan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Emmanuel Makron AQSHning Yevropa Ittifoqi tovarlariga bojlar joriy etilishi inflyatsiyaning oshishiga olib kelishi bilan Amerika iqtisodiyotiga zarar etkazishi mumkinligi haqida gapirgandi. U Vashingtonni Yevropa Ittifoqi bilan savdo urushini boshlash o‘rniga Xitoy, Yaqin Sharqdagi inqiroz va Ukrainadagi urushga qarshi turishga e’tibor qaratishga chaqirgandi.

Bunyod Keldiboyev


Maqola muallifi

avatar

.

Teglar

AQSh Frantsiya Donal'd Tramp Emmanuel' Makron G'azo

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing