Tramp Eronga qo‘shin ham yuborishi mumkin
Olam
−
03 mart 4054 2 daqiqa
AQSH Prezidenti Donald Tramp Eronga zarurat tug‘ilsa, quruqlik qo‘shinlari yuborilishi mumkinligini istisno qilmadi. Bu haqda u kecha, 2 mart kuni “The New York Post” nashriga intervyusida intervyusida aytib o‘tdi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, odatda prezidentlar “quruqlik qo‘shinlari bo‘lmaydi” deydi, ammo u bunday demasligini ta’kidlagan.
“Ehtimol, bunga ehtiyoj bo‘lmas. Lekin agar zarurat tug‘ilsa, qo‘shin yuborilishi mumkin”, degan Oq uy rahbari.
Tramp, shuningdek, “Daily Mail” nashriga intervyusida Eron bilan mojaro taxminan to‘rt hafta davom etishini aytgan. Biroq keyinchalik u bu muddat qisqarishi mumkinligiga ishora qilgan.
“Hammasi juda tez sodir bo‘ladi. Biz jadvaldan ancha ilgarilab ketdik: 49 nafar yuqori lavozimli eronlik rahbar yo‘q qilindi. Bu ish uchun kamida to‘rt hafta kerak bo‘ladi, deb o‘ylagan edik, ammo barchasini bir kunda amalga oshirdik”, degan Tramp.
Shu bilan birga, Tramp Oq uyda turli urushlarda ishtirok etgan uch nafar harbiy xizmatchiga Prezidentlik sharaf medalini topshirish marosimida so‘zga chiqib, urush davomiyligining har qanday muddatini “normal holat” deb atagan. Uning ta’kidlashicha, AQSH armiyasi jang harakatlarini talab etilsa, shuncha vaqt davom ettirishga tayyor.
“Dastlab to‘rt-besh hafta deb rejalashtirgan edik, ammo bizda ancha uzoq davrga yetarli imkoniyatlar bor”, degan u.
Tramp urushning to‘rtta asosiy maqsadini ham sanab o‘tgan: Eronning raketa salohiyatini zaiflashtirish, mamlakat harbiy-dengiz kuchlarini yo‘q qilish, Tehronning yadroviy qurolga ega bo‘lishining oldini olish va uning proksi kuchlarini tiyib turish.
AQSH ma’muriyatining fikricha, bu vazifa Eron tomonidan xorijdagi “terroristik armiyalar”ni qurollantirish, moliyalashtirish va boshqarish imkonini bartaraf etish orqali amalga oshiriladi.
Shuningdek, u AQSH Eron xalqiga mamlakat nazoratini amaldagi rejimdan qaytarib olishda yordam berish bo‘yicha qo‘shimcha choralar ko‘rayotganini ham aytgan.
“Haqiqatan ham shunday qilyapmiz. Ammo hozircha barcha uyida qolishi kerak. Ko‘cha xavfsiz emas”, degan AQSH yetakchisi.