Tramp Eronga qarshi urushni qayta boshladi
Olam
−
14 iyul 3428 2 daqiqa
AQSH Prezidenti Donald Tramp Kongressni Eronda harbiy amaliyotlar qayta boshlanganidan rasman xabardor qildi. Bu haqda “DW” xabar berdi.
Qayd etilishicha, Tramp Kongressga yuborgan maktubida AQSH harbiylari 7 iyul kuni Eron hududidagi ob’ektlarga qarshi “mudofaa zarbalari”ni amalga oshirganini bildirgan. Mazkur xabarnoma 10 iyul kuni Kongress rahbarlariga yuborilgan.
“Bugun Sharqiy vaqt bilan soat 16:45 da AQSH Markaziy qo‘mondonligi Bosh qo‘mondon ko‘rsatmasi asosida Eronga qarshi ketma-ket uchinchi tun davomida zarbalarni boshladi. Ushbu zarbalar Eron kuchlariga katta zarar yetkazishda davom etadi va ularning Hormuz bo‘g‘ozida tinch aholi hamda tijorat kemalariga hujum qilish imkoniyatlarini kamaytiradi”, deyiladi CENTCOM X dagi sahifasida.
Mazkur holat AQSH prezidenti va Kongress o‘rtasidagi vakolatlar bo‘yicha bahslarni yana kuchaytirgan. Avvalroq Kongressning har ikki palatasida prezidentni Erondagi harbiy harakatlarni to‘xtatishga yoki ularni davom ettirish uchun rasmiy rozilik olishga majburlash bo‘yicha tashabbuslar ilgari surilgandi.
Oq uy esa Donald Tramp bosh qo‘mondon sifatida Konstitutsiya bergan vakolatlari doirasida harakat qilayotganini bildirgan.
Shuningdek, AQSH 14 iyul kuni Eron portlari va qirg‘oqbo‘yi hududlariga nisbatan dengiz blokadasini qayta joriy etishini ma’lum qilgan. AQSH kuchlari hududdagi kemalar harakatini nazorat qilishda davom etadi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, AQSH kuchlari Eronning Bandar Abbosdagi dengiz bazasiga hujum vaqtida ilk bor uchuvchisiz dengiz qurilmalaridan foydalangan. Amaliyot davomida 3 ta dengiz droni ishlatilgani aytilmoqda.
Bunga javoban Eron ham Quvaytdagi AQSH harbiy bazalariga dron hujumlarini amalga oshirgani haqida xabarlar tarqalgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq AQSH Prezidenti Donald Tramp Eron bilan mojaroni tugatish bo‘yicha imzolangan anglashuv memorandumi “tugagani”ni aytgan hamda Tehron bilan muzokaralarni davom ettirishni istamasligini ma’lum qilgan edi.
Live
BarchasiToshkentdagi uyga o‘t ketdi
14 iyul