Tramp Erondan uranni olib chiqib ketmoqchi
Olam
−
08:30 4111 2 daqiqa
AQSH Prezidenti Donald Tramp Eron hududidan taxminan 450 kg uranni olib chiqish bo‘yicha harbiy operatsiyani amalga oshirish imkoniyatini ko‘rib chiqmoqda. Bu haqda “The Wall Street Journal” xabar berdi.
Nashrning yozishicha, bunday missiya murakkab va xavfli bo‘ladi, chunki AQSH harbiylari Eron hududida bir necha kun yoki undan ko‘proq vaqt qolishiga to‘g‘ri keladi. Bu esa amerikalik askarlarni to‘g‘ridan to‘g‘ri xavf ostiga qo‘yadi.
Manbalarga ko‘ra, Tramp hali yakuniy qaror qabul qilmagan va AQSH harbiylari uchun xavflarni baholamoqda. Shu bilan birga, u bu g‘oyaga umuman qarshi emas, chunki bu orqali u asosiy maqsadiga – Eronning hech qachon yadro quroli yaratishiga yo‘l qo‘ymaslikka erishishni istaydi.
Gazeta manbasining aytishicha, Tramp o‘z maslahatchilariga Eronni uranni kelishuv asosida topshirishga majbur qilish uchun bosim o‘tkazishni ham tavsiya qilgan.
“Pentagon vazifasi – bosh qo‘mondon uchun maksimal harakat erkinligini ta’minlaydigan tarzda tayyorgarlik ko‘rishdir. Bu prezident qaror qabul qildi degani emas”, degan Oq uy matbuot kotibi Kerolayn Livitt.
Pentagon vaziyatga izoh berishdan bosh tortgan. AQSH Markaziy qo‘mondonligi ham izoh bermagan.
Avvalroq, OAV Vashington Eron hududidan uranni olib chiqish uchun maxsus kuchlarni yuborishi mumkinligi haqida yozgandi. Gap keng ko‘lamli operatsiya haqida emas, balki kichik reydlar haqida ketmoqda.
Bu yerda yuqori darajada boyitilgan uran nazarda tutilmoqda. Tehronning ta’kidlashicha, o‘tgan yozda Isroil va AQSH tomonidan Eron yadro ob’ektlariga berilgan zarbalardan so‘ng bu uran inshootlar vayronalari ostida qolib ketgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq AQSH Prezidenti Donald Tramp operatsiyalar natijasida Eron rejimi allaqachon o‘zgargani va yangi rahbarlar tayinlanganini aytgandi.
Live
Barchasi