Tramp Erondan tovon undirmoqchi
Olam
−
11:06 2160 2 daqiqa
AQSH Prezidenti Donald Tramp Erondan, jumladan, amerikalik harbiylarning halok bo‘lgani uchun ham tovon puli undirish niyatida ekanini ma’lum qildi.
“Men Eron Islom Respublikasi vakillarining so‘nggi besh oylik harbiy mojaro davomida yetkazilgan zarar uchun tovon puli talab qilayotganini ko‘ryapman, vaholanki, bu bizning birorta muzokara yoki uchrashuvimizda tilga olinmagan edi. Ammo bu qiziq g‘oya, chunki endi men ham Erondan yo‘l chetidagi minalar va ular mashhur bo‘lgan ko‘plab to‘qnashuvlar oqibatida halok bo‘lgan va og‘ir yaralangan barcha insonlar uchun, jumladan, [Amerikaning] USS Cole esminetsida qurbon bo‘lganlar va janglarda halok bo‘lgan minglab boshqalarning oilalari uchun tovon puli talab qilaman. Bularning barchasi dastlab general [Qosim] Sulaymoniy (Islom inqilobi posbonlari korpusining “Al-Quds” maxsus kuchlari qo‘mondoni, 2020 yilda amerikaliklar tomonidan o‘ldirilgan –tahr.) boshchiligida sodir etilgan”, deb yozdi Amerika yetakchisi Truth Social ijtimoiy tarmog‘ida.
Uning so‘zlariga ko‘ra, AQSH Eron rahbariyati respublikada so‘nggi 50 yil ichida bo‘lib o‘tgan norozilik namoyishlari ishtirokchilarining oilalariga ham tovon to‘lashi kerak deb hisoblaydi.
“Men o‘z vakillarimga kelajakdagi barcha muzokaralarda bu masalani qat’iy kun tartibiga qo‘yishni topshirdim”, dedi Tramp.
Joriy yilning mart oyida u 2000 yilda “Al-Qoida” terrorchilik guruhi jangarilari tomonidan amalga oshirilgan Amerikaning Cole esminetsidagi portlash uchun mas’uliyatni amalda Eronga yuklashga uringan edi.
AQSH va Isroil 28 fevral kuni Eronga qarshi harbiy amaliyot boshladi. Iyun oyida Vashington va Tehron barcha jabhalarda, jumladan, Livanda ham jangovar harakatlarni zudlik bilan to‘xtatishni ko‘zda tutuvchi o‘zaro anglashuv memorandumini imzoladi. Biroq 8 iyulga o‘tar kechasi AQSH Eronga qarshi keng ko‘lamli zarbalarni qayta tiklab, uni Hormuz bo‘g‘oziga oid kelishuv shartlarini buzganlikda aybladi.
Live
Barchasi