Tramp Eron bilan yana muzokaralar bo‘lishini aytdi
Olam
−
08:58 2208 1 daqiqa
AQSH Prezidenti Donald Tramp yaqin ikki kun ichida Eron bilan yangi muzokaralar o‘tkazilishi mumkinligini ma’lum qildi. Prezidentning bu haqdagi so‘zlarini “New York Post” nashri keltirdi.
Uning aytishicha, uchrashuv Pokistonda bo‘lib o‘tishi ehtimoli yuqori, chunki bu jarayonda Pokiston vositachilik qilmoqda.
Tramp telefon orqali bergan intervyusida, agar tomonlar Pokistonda qolsa, yaqin kunlarda muhim o‘zgarishlar bo‘lishi mumkinligini aytgan. U, shuningdek, Pokiston armiyasi rahbari Asim Munirning vositachilikdagi rolini yuqori baholab, aynan uning sa’y-harakatlari tufayli muzokaralar qayta tiklanishi ehtimoli oshganini ta’kidlagan.
Manbalarga ko‘ra, navbatdagi muzokaralarda AQSH tomonidan vitse-prezident Jey Di Vens, shuningdek, maxsus vakillar Stiv Uitkoff va Trampning kuyovi Jared Kushner ishtirok etishi kutilmoqda. Ular avvalgi uchrashuvda ham Islomobodda eronlik rasmiylar bilan muzokara olib borgan.
Oxirgi uchrashuv 11 aprel kuni Islomobodda bo‘lib o‘tgan, biroq tomonlar yadro dasturi va Hormuz bo‘g‘ozi orqali kemalar harakati masalasida kelisha olmagan. Shundan so‘ng AQSH ushbu dengiz yo‘lagini bloklash boshlanganini e’lon qilgan edi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Amerika va Eron o‘rtasidagi muzokaralarning ikkinchi raundi 16 aprel kuni Pokiston poytaxti Islomobod shahrida o‘tkazilishi mumkinligi haqida xabar berilgandi.
Live
Barchasi