Tramp Eron bilan muzokaralar to‘xtatilganini rad etdi
Olam
−
02 iyun 1107 2 daqiqa
AQSH Prezidenti Donald Tramp Eronning Vashington bilan muzokaralari to‘xtatilgani haqidagi bayonotlarini rad etdi. Uning ta’kidlashicha, Tehron bilan muloqot hali ham davom etmoqda. Bu haqda u o‘zining Truth Social ijtimoiy tarmog‘ida ma’lum qildi.
“Eron Islom Respublikasi bilan muzokaralar juda tez sur’atlarda davom etmoqda”, deb yozdi Tramp.
Shuningdek, u NBC News telekanaliga bergan intervyusida Eron tomoni AQSHni muzokaralar to‘xtatilgani haqida xabardor qilmaganini aytdi.
“Menimcha, biz haddan tashqari ko‘p gapirdik. Ba’zan sukut saqlash eng yaxshi yechim bo‘lishi mumkin”, dedi AQSH Prezidenti.
Trampning ta’kidlashicha, hatto muzokaralar to‘xtatilgan taqdirda ham bu AQSHning Eronga qarshi harbiy zarbalar berishini anglatmaydi. Biroq u Hormuz bo‘g‘ozidagi Eron portlariga nisbatan joriy etilgan cheklovlar saqlanib qolishini bildirgan.
Avvalroq, Eronning “Tasnim” agentligi Tehron va Vashington o‘rtasidagi bilvosita muzokaralar vaqtincha to‘xtatilganini ma’lum qilgan edi. Agentlikka ko‘ra, bunga Isroilning Livandagi “Hizbulloh” ob’ektlariga bergan zarbalari sabab bo‘lgan.
Eron rasmiylari ham hozircha AQSH bilan urushni yakunlash bo‘yicha yakuniy kelishuvga erishilmaganini bildirgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Donald Tramp Isroil va “Hizbulloh” o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha kelishuvga erishganini ma’lum qilgan edi.
Trampning bildirishicha, u Isroil Bosh vaziri Binyamin Netanyahu bilan samarali telefon muloqoti o‘tkazgan. Suhbat natijasida Bayrutga qo‘shin kiritish rejasi bekor qilingan, yo‘lga chiqqan harbiy bo‘linmalar esa ortga qaytarilgan.
Live
Barchasi