Tramp Eron bilan kelishuvni, Ispaniya bilan esa savdoni to‘xtatishni buyurdi

Olam

image

AQSH Prezidenti Donald Tramp Eron bilan mojaroni tugatish bo‘yicha imzolangan anglashuv memorandumi “tugagani”ni aytdi hamda Tehron bilan muzokaralarni davom ettirishni istamasligini bildirdi. Bu haqda u Anqarada o‘tayotgan NATO sammitida jurnalistlar bilan suhbatda ma’lum qildi.

Tramp, shuningdek, AQSH Moliya vaziri Skott Bessentga Ispaniya bilan savdo aloqalarini to‘xtatish bo‘yicha topshiriq berganini aytib, Madridni NATOdagi “yomon sherik” deb atagan.

“Bu juda qiziq savol. Menimcha, hammasi tugadi. Men ular bilan ishlashni istamayman. Ular razil odamlar. Ular kasal odamlar va ularga kasal odamlar rahbarlik qilmoqda. Men uchun ular bilan ishlashga vaqt sarflashning hech qanday ma’nosi yo‘q”, degan Tramp Eron bilan avgust o‘rtalarigacha uzoq muddatli tinchlik kelishuvini ishlab chiqishni nazarda tutgan vaqtinchalik kelishuv haqidagi savolga javoban.

Shuningdek, Vashington va Madrid o‘rtasida ham keskin kelishmovchiliklar saqlanib qolmoqda. Ispaniya Yevropa davlatlari mudofaa xarajatlarini keskin oshirishi haqidagi Tramp talablarini ochiqchasiga rad etgan.

“Ispaniya – umidsiz holat. Biz endi Ispaniya bilan hech qanday savdo qilmoqchi emasmiz. Qolaversa, men buni to‘liq to‘xtatishni istayman. Ispaniya NATOdagi juda yomon sherik. Ular ishtirok etmaydi, to‘lamaydi. Men Ispaniya bilan hech qanday aloqani istamayman. Ispaniya bilan barcha savdoni, hatto tashriflarni ham to‘xtating”, degan Tramp.

Bunga javoban Ispaniya Bosh vaziri Pedro Sanches devoni Trampning bayonotlarini “odatiy holat” sifatida baholayotganini bildirgan. Devonga ko‘ra, ikki mamlakat o‘rtasidagi munosabatlar har ikki tomon uchun ham manfaatli hisoblanadi.

Eslatib o‘tamiz, Eron Islom inqilobi qo‘riqchilari korpusi bugun, 8 iyul kuni AQSHning Eronga bergan yangi zarbalaridan so‘ng Bahrayn va Quvaytdagi AQSH harbiy ob’ektlariga raketa va dronlar bilan hujum qilgandi.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing