Tramp endi Erdo‘g‘an bilan uchrashadi
Olam
−
20 Sentabr 2912 1 daqiqa
AQSH Prezidenti Donald Tramp 25 sentyabr kuni Turkiya rahbari Rajab Toyib Erdo‘g‘an bilan uchrashishini e’lon qildi. Bu haqda Oq uy rahbari Truth Social tarmog‘ida yozib qoldirdi.
Trampning aytishicha, muzokaralarda samolyotlar savdosi va harbiy bitimlar muhokama qilinadi.
Turkiya hukumati Erdo‘g‘anning samolyot savdosi bo‘yicha muzokara qilish uchun Tramp bilan uchrashishini ta’kidlagan edi. Bu iddao Trampning bayonoti bilan tasdiqlandi.
“25 sentyabr kuni Prezident Rajab Toyib Erdo‘g‘anni Oq uyda qabul qilishdan mamnunman. Biz Boeing samolyotlarining yirik hajmdagi savdosi, F-16 kelishuvi va ijobiy natija berishiga umid qilayotgan F-35 bo‘yicha muzokaralarning davom etishi hamda ko‘plab savdo va harbiy bitimlar ustida ishlayapmiz. Prezident Erdo‘g‘an bilan doimo juda yaxshi munosabatlarda bo‘lib kelganman”, deya yozgan Tramp.
OAVning tahmin qilishicha, davlat rahbarlari G‘azo va Suriyadagi masalalar bo‘yicha ham gaplashib olishi mumkin. Erdo‘g‘an va Tramp G‘azo bo‘yicha ayro-ayro yo‘llardan yuradi, desak ham bo‘ladi. Tramp Isroilga ko‘proq yon bossa, Erdo‘g‘an Isroilni keskin qoralab, og‘ir ayblovlar qo‘yib keladi.
Eslatib o‘tamiz, Prezidentlar joriy yilning 25 iyun kuni NATO sammiti doirasida Gaagada uchrashgandi. Ular o‘rtasidagi muzokaralar yopiq eshiklar ortida o‘tgan.
Live
Barchasi