Tramp bilan savdo urushida oxirigacha kurashishga tayyormiz – Xitoy 

Olam

image

Xitoy Savdo vazirligi AQSH Prezidenti Donald Trampning Xitoy importiga qo‘shimcha 50 foizlik boj kiritish tahdidini “xato ortidan xato” deb atadi. Bu haqda vazirlik bugun, 8 aprel kuni tegishli bayonotini e’lon qildi.

Xitoy Savdo vazirligi Pekin “o‘z huquq va manfaatlarini himoya qilish uchun qat’iy javob choralarini ko‘rish”ini bildirdi. Vazirlikning ta’kidlashicha, Qo‘shma Shtatlar tomonidan joriy qilingan global import tariflari “sub’ektiv bir tomonlama baholashlarga asoslangan”, xalqaro savdo qoidalariga mos kelmaydi va “bir tomonlama qo‘rqitishning odatiy amaliyoti”dir.

“Xitoy buni hech qachon qabul qilmaydi. Agar AQSH o‘zi turib olsa, Xitoy oxirigacha kurashadi”, deya xabar bermoqda Xitoyning “Sinxua” axborot agentligi vazirlik vakiliga tayanib.

Ma’lumot uchun, mart oyi boshida Donald Tramp Xitoy importiga boj to‘lovlarini 10 foizdan 20 foizga oshirdi, chunki “Xitoy noqonuniy narkotik inqirozini yumshatish bo‘yicha tegishli choralarni ko‘ra olmadi”. O‘tgan hafta oxirida Tramp 180 dan ortiq mamlakat va hududlarga, jumladan, Xitoyga yangi import tariflarini e’lon qildi. 9 apreldan boshlab ushbu mamlakat tovarlariga 34 foizlik bojlar joriy qilinadi.

Pekin Amerika tovarlariga ham xuddi shunday bojlar joriy etishi haqida ogohlantirgan. Bunga javoban Tramp kecha, 7 aprel kuni, agar Pekin shu sanagacha javob choralarini bekor qilmasa, Xitoyga 9 apreldan boshlab qo‘shimcha 50% import bojlari joriy etilishini aytdi.


Maqola muallifi

Teglar

Donal'd Tramp Xitoy boj savdo urushi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing