Tramp bepul universitet ochib, Garvarddan pul undirmoqchi
Olam
−
02 noyabr 2023
4305AQSHning sobiq prezidenti Donald Tramp 2024 yilda qayta saylansa, oliy ta’limda “inqilob” qilishni va talabalar uchun bepul onlayn universitet tashkil etishni rejalashtirmoqda. Bu haqda siyosatchining rejalaridan xabar topgan “Politico” gazetasi xabar berdi.
Tramp saylovoldi tashviqoti videosida o‘z loyihasi haqida gapirgan. Uning aytishicha, universitet "Amerika akademiyasi" deb nomlanadi va federal byudjetdan moliyalashtiriladi. Siyosatchi o‘z loyihasini moliyalashtirish uchun Garvard kabi yirik xususiy universitetlar mablag‘lariga soliq solishni taklif qilgan. Bu universitetda ta’lim bepul bo‘ladi va o‘qishni tashlab ketganlarning oliy ma’lumot olishiga yordam beriladi (Qo‘shma Shtatlarda bunday odamlar 40 milliondan ortiq).
"Qo‘shma Shtatlar oliy ta’limga boshqa mamlakatlarga qaraganda ko‘proq pul sarflaydi" degan Tramp.
Sobiq prezidentning rejalariga ko‘ra, "Amerika akademiyasi" talabalarga boshqa ta’lim muassasalarida ilgari tugatilgan kurslar uchun kredit va federal idoralarga ishga qabul qilishda ko‘rsatiladigan diplomlar beradi. Tramp saylovoldi tashviqoti rasmiylari yangi universitetni kim nazorat qilishi haligacha hal qilinmaganini aytmoqda. Universitet faoliyati ustidan nazoratni davlat organlariga, Prezident tomonidan tayinlanadigan kengashga yoki xususiy tashkilot tomonidan moliyalashtiriladigan komissiyaga topshirish rejalashtirilgan.
"Ushbu g‘oya Jo Baydenning o‘qish uchun to‘lovsiz rejasiga qarama-qarshi bo‘lib, u mohiyatan yuzlab million dollarlik talabalar krediti qarzini bekor qiladi. Bu boshqa yo‘l. Biz trillionlab mablag‘ sarflamasdan, arzon kollej variantlarini taqdim etishimiz kerak”, deydi sobiq prezident shtabidagi Politico manbasi.
Shunga qaramay, o‘z loyihasini amalga oshirish uchun Trampni Kongress qo‘llab-quvvatlashi kerak.
Eslatib o‘tamiz, o‘tgan yilning oktyabr oyida AQSH Prezidenti Jo Bayden talabalarning kredit qarzlaridan kechish sxemasini ishga tushirgandi. U o‘n millionlab bitiruvchilarning 20 ming dollargacha bo‘lgan kreditlarini hisobdan chiqarishni reja qilgandi. Biroq respublikachilar Baydenning qaroriga qarshi chiqqandi. AQSHning oltita shtatidan yig‘ilgan guruh 400 milliard dollarga tushadigan sxemani soliq to‘lovchilarga qo‘shimcha og‘irlik yuklaydi, deb hisoblab, Baydenga tegishli talabalarning kreditlarini hisobdan chiqarish borasidagi qaroriga qarshi sudga murojaat qilgan.
LiveBarchasi