Tramp ba’zi davlat fuqarolariga AQSHga kirishni taqiqladi

Olam

image

AQSH Prezidenti Donald Tramp AQSHga kirishni Suriya va yana bir qator davlatlar fuqarolari uchun taqiqladi. Bu haqda Oq uy saytida e’lon qilingan.

Hujjatga ko‘ra, yangi cheklovlar 2026 yil 1 yanvardan kuchga kiradi va jami 20 ta mamlakat hamda hududni qamrab oladi, shu bilan avvalgi ro‘yxat ikki barobarga kengaydi. 

To‘liq taqiq Burkina-Faso, Laos, Mali, Niger, Suriya, Serra-Leone va Janubiy Sudan fuqarolariga, shuningdek, Falastin milliy ma’muriyati bergan yo‘l hujjatlari egalari uchun joriy etilgan. Qisman cheklovlar esa Angola, Antigua va Barbuda, Benin, Gabon, Gambiya, Dominikan Respublikasi, Zambiya, Zimbabve, Kot-dʼIvuar, Malavi, Mavritaniya, Nigeriya, Senegal, Tanzaniya va Tonga fuqarolariga nisbatan qo‘llanadi. Vashington bu qarorni xavfsizlik tekshiruvlari va axborot almashinuvida jiddiy kamchiliklari bor davlatlar bilan izohladi. Shu bilan birga, AQSH Turkmaniston fuqarolari uchun noimmigratsion vizalarga qo‘yilgan cheklovlarni bekor qildi, biroq immigratsion vizalar bo‘yicha taqiq saqlanib qoldi. Bunga Ashxobodning AQSH bilan hamkorlikda identifikatsiya va ma’lumot almashish jarayonlarini yaxshilagani sabab qilib ko‘rsatildi. 

Tramp avvalgi prezidentlik davrida ham shunga o‘xshash taqiq joriy etgan, keyinroq u Jo Bayden tomonidan bekor qilingan edi. Tramp bu choralar terrorchilik tahdidlarining oldini olishda samarali bo‘lganini ta’kidlab keladi.

“Tramp ba’zi mamlakat fuqarolariga AQSHga kirishni butunlay taqiqladi, jumladan, Falastin muxtoriyati tomonidan berilgan yoki tasdiqlangan yo‘l hujjatlari bilan kelayotgan shaxslarga ham. U AQSH immigratsiya va viza berish jarayonida maksimal ehtiyotkorlikni ta’minlash zarurligini ta’kidlagan, chunki mamlakatga kirishdan oldin har qanday shaxsning amerikaliklarga yoki milliy manfaatlarga zarar yetkazish niyatini aniqlash muhim. AQSH hukumati kirayotgan shaxslar mamlakat fuqarolariga tahdid solmasligi, uning madaniyati, hukumat tizimi yoki asosiy prinsiplari barbod qilinmasligini, shuningdek, tan olingan xorijiy terror tashkilotlarini qo‘llab-quvvatlamasligini kafolatlashi kerakligi qayd etilgan”, deyiladi Oq uy tomonidan e’lon qilingan hujjatda. 

Qayd etish joiz, ushbu cheklovlar mamlakatda keng ildiz ota boshlagan terrorchilik hujumlaridan so‘ng kuchaytirildi. Jumladan, joriy yilning 26 noyabr kuni AQSHning Vashington shahrida, Oq uydan uncha uzoq bo‘lmagan hududda ikki nafar Milliy gvardiya xizmatchisi otib ketilgandi. Keyinroq esa otishmani uyutirgan shaxs afg‘onistonlik ekani ma’lum bo‘lgan. Ushbu hodisa ortidan mamlakat Prezidenti Donald Tramp “tashvishga sabab bo‘luvchi davlatdan kelgan har bir chet ellikning yashash kartasini to‘liq va puxta qayta tekshirish” topshirig‘ini berdi.

Qolaversa, 13 dekabr kuni Amerika Qo‘shma Shtatlarining Rod-Aylend shtati Providens shahrida joylashgan Braun universitetida sodir bo‘lgan otishmada ikki talaba halok bo‘lgan, yetti kishi esa jarohat olgandi. Vafot etganlar orasida O‘zbekiston fuqarosi, 2007 yilda tug‘ilgan Muhammadaziz Umurzoqov ham bor. Tramp ushbu otishmada halok bo‘lganlar xotirasiga duo qilishini aytgan.


Maqola muallifi

Teglar

Suriya Donal'd Tramp Oq uy

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing