Tramp ayrim ishchilar vizasi uchun 100 ming dollarlik to‘lov joriy etdi

Olam

image

AQSH Prezidenti Donald Tramp yuqori malakali xorijiy mutaxassislarni yollash imkonini beruvchi H-1B vizasi dasturini qayta ko‘rib chiqish to‘g‘risidagi farmonga imzo chekdi. Bu haqda “Bloomberg” xabar berdi.

Farmonga ko‘ra, endilikda dasturda ishtirok etish uchun ariza topshirishda 100 ming dollar miqdorida yig‘im undiriladi. Agar to‘lov amalga oshirilmasa, H-1B dasturi orqali AQSHga kirish taqiqlanadi.

Bungacha H-1B dasturi bo‘yicha turli yig‘imlarning umumiy summasi taxminan 1500 dollarni tashkil etardi. “Bloomberg”ning yozishicha, yangi to‘lov mavjud yig‘imlarga qo‘shiladi.

Islohotdan eng ko‘p zarar ko‘radigan soha texnologiya sohasi bo‘lishi kutilmoqda, chunki u H-1B vizalariga katta darajada tayanadi. “Reuters”ning qayd etishicha, ushbu dastur doirasida Amerika kompaniyalari Hindiston va Xitoydan yuqori malakali mutaxassislarni jalb qilardi.

Microsoft, JPMorgan va Amazon kompaniyalari xodimlariga H-1B vizalari bo‘lsa, AQSHni tark etmaslikni tavsiya qilgan. Mamlakat tashqarisiga chiqqanlarga esa imkon qadar tezroq – joriy yilning 21 sentyabrida yangi qoidalar kuchga kirishidan oldinroq qaytib kelishni maslahat berishgan.

Trampning boshqa bir farmoniga ko‘ra, xorijiy fuqarolarga tezlashtirilgan tartibda bir million dollar evaziga mamlakatda yashash huquqini beruvchi Trump Gold Card (“Tramp oltin kartasi”) taqdim etiladi. Besh million dollar evaziga esa Trump Platinum Card (“Tramp platin kartasi”)ni olish mumkin bo‘ladi. U AQSHda yashash huquqini beradi va egalarini mamlakat tashqarisida olingan daromadlar uchun soliqdan ozod etadi.

“Reuters”ning yozishicha, Donald Trampning H-1B vizalari qoidalarini keskinlashtirish qarori texnologik sohada katta bahslarga sabab bo‘lmoqda. Bu soha Trampning Prezidentlik kampaniyasiga millionlab dollar sarmoya kiritgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq AQSH hukumati xorijiy fuqarolarga mamlakatda yashash huquqini tezlashtirgan tartibda beradigan Trump Gold Card (“Trampning oltin kartasi”) dasturini ishga tushirgani haqida xabar berilgan edi.


Maqola muallifi

Teglar

Donal'd Tramp H-1B vizasi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing