Kurs UZS

USD

12 966.38

19.18

EUR

14 213.75

-8.75

RUB

150.23

-3.15

Tramp AQSHning eng nufuzli universitetlariga pul berishni to‘xtatmoqda

Olam

image

AQSH Prezidenti Donald Tramp mamlakatning eng nufuzli universitetlari, jumladan Garvard, Prinston, Kolumbiya va Pensilvaniya universitetlari uchun federal moliyalashtirishni to‘xtatmoqda. Bu haqda “The New York Times” xabar berdi. 

Qayd etilishicha, ushbu qaror mazkur oliy o‘quv yurtlarida antisemitizm ko‘rinishlariga nisbatan rahbariyatning harakatsizligi bilan bog‘liq. AQSH Prezidentining antisemitizmga qarshi kurash bo‘yicha maxsus ishchi guruhi Garvard universiteti bilan hukumat o‘rtasidagi 255,6 million dollarlik shartnomalar va 8,7 milliard dollarlik ko‘p yillik grant majburiyatlarini tekshirmoqda. Bungacha Tramp administratsiyasi Kolumbiya universitetining 400 million dollardan ortiq mablag‘ini muzlatgan edi.

“Garvardning kampusda talabalarning antisemitizmga asoslangan kamsitilishidan himoya qila olmagani, shu bilan birga, erkin tadqiqotlar o‘rniga nizolarni kuchaytiruvchi mafkurani ilgari surayotgani – uning obro‘sini jiddiy xavf ostiga qo‘ydi”, deyiladi AQSH Ta’lim vaziri Linda Makmaxon bayonotida.

Garvard prezidenti Alan Garber o‘z murojaatida “biz mukammal emasmiz”, deya ta’kidlab, universitet federal hukumat bilan hamkorlik qilishini aytgan.

“Biz amalga oshirgan ishlar hamda antisemitizmga qarshi kurashda kelajakda ko‘radigan choralarimiz haqida to‘liq hisobot taqdim etamiz. Agar moliyalashtirish to‘xtatilsa, bu inson hayotini saqlab qoluvchi tadqiqotlarning to‘xtashiga olib keladi va muhim ilmiy izlanishlar hamda innovatsiyalarni xavf ostiga qo‘yadi”, degan u.

Garvard universiteti dunyodagi eng boy oliy ta’lim muassasalaridan biri bo‘lib, uning jamg‘armasi 50 milliard dollardan ortiqni tashkil etadi.

Ma’lumot o‘rnida, joriy yilning yanvar oyida Garvard universitetida tahsil olayotgan yahudiy talabalar ushbu oliygohni antisemitizmda ayblagandi. Ushbu talabalar tomonidan 11 yanvar kuni berilgan sud da’vosida Garvard universiteti kamsitishlarga qarshi siyosatni tanlab qo‘llashi, yahudiy talabalarning ta’qibdan himoyalanish talablariga e’tibor bermasligi va yahudiylarga nisbatan zo‘ravonlikni qo‘llab-quvvatlaydigan hamda antisemitizm targ‘ib qiladigan professorlarni ishga yollashi aytilgan. Tarixi 388 yilga borib taqaladigan universitet kamsitishni taqiqlovchi federal fuqarolik huquqlari qonunini buzganlikda ayblanmoqda.

Shikoyat Garvard prezidenti Klodin Gey iste’foga chiqqanidan sakkiz kun o‘tib berilgan. U 2023 yil 7 oktyabr kuni HAMAS Isroilga hujum qilganidan keyin antisemitizmga nisbatan yondashuvi uchun tanqid qilingan edi. Bundan tashqari, u plagiatga yo‘l qo‘yganlikda ham ayblangan.

Sud da’vosida Garvardning kamsitish siyosati qabul jarayonlariga ham ta’sir qilgani, oqibatda universitetda yahudiy talabalar soni 60 foizga kamaygani ta’kidlanadi. Bu holat taxminan 100 yil avval universitetda joriy etilgan kvotalarga o‘xshab ketishi qayd etilgan.

2023 yil 7 oktyabrda G‘azoga bosqin boshlangandan bir kun o‘tib, Garvardning 30 dan ortiq talabalar guruhi Isroilga qarshi ayblovlar keltirilgan petitsiyaga imzo chekkan. Sudga taqdim etilgan hujjatlarga ko‘ra, universitet ushbu hujjatga bir kun o‘tib javob bergan, biroq bayonot umumiy so‘zlar bilan cheklangan, petitsiya qoralanmagan va yahudiy talabalar qo‘llab-quvvatlanmagan.

“Amerikaning yetakchi universiteti bo‘lmish Garvard ochiq-oydin yahudiylarga qarshi nafrat va ta’qiblar markaziga aylangan”, deyiladi da’vo arizasida.

Bostondagi federal sudga taqdim etilgan hujjatda antisemitizm namoyon qilgan talabalarni o‘qishdan chetlatish yoki haydash, shuningdek, yahudiylarga nisbatan nafratni targ‘ib qiladigan professorlarni yollash sharti bilan olingan mablag‘larni qaytarish talab qilingan. Shuningdek, talabalar kompensatsiya va yetkazilgan zararni qoplashni talab qilgan. Boshqa oliy o‘quv yurtlari, jumladan Nyu-York universiteti va Berkli shahridagi Kaliforniya universiteti ham shunday da’volarga duch kelgan.


Maqola muallifi

Teglar

Donal'd Tramp Kolumbiya Pensil'vaniya Garvard

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing