Tramp AQSHni UNESCO'dan ham chiqarishga qaror qildi

Olam

image

AQSH Prezidenti Donald Tramp tashkilotning “antiamerikancha vektori” tufayli AQSHni UNESCO tarkibidan chiqarishga qaror qildi. Bu haqda Oq uy xabar berdi.

Oq uy matbuot kotibi o‘rinbosari Anna Kellining “The New York Post” gazetasiga aytishicha, tashkilot “sog‘lom fikrga mutlaqo zid” va AQSHning amaldagi hukumati siyosatiga to‘g‘ri kelmaydigan “munozarali, bo‘linuvchi madaniy va ijtimoiy maqsadlar”ni qo‘llab-quvvatlaydi.

“AQSH ma’muriyati UNESCO'ning xilma-xillik, tenglik va inklyuzivlik (DEI) siyosatiga qo‘shilmaydi va tashkilotni “Falastin va Xitoy tarafdori” kayfiyati tufayli noxolis deb hisoblaydi”, dedi Kelli.

Oq uyga qaytganidan ko‘p o‘tmay, Tramp UNESCO'da keyingi ishtirok etish maqsadga muvofiqligini o‘rganishni buyurdi va buning uchun 90 kun vaqt berdi. Xususan, rasmiylar “UNESCO Qo‘shma Shtatlar manfaatlarini qanday qo‘llab-quvvatlash”ini baholashi kerak edi.

Shu bilan birga, u BMTning yana ikki tashkiloti – Inson huquqlari kengashi va Birlashgan Millatlar Tashkilotining Yaqin Sharqdagi Falastinlik qochqinlarga yordam va ishlar agentligi (UNRWA) “yaqindan e’tiborga” loyiq ekanligini aytdi. Fevral oyida Tramp Qo‘shma Shtatlarni BMTning Inson huquqlari bo‘yicha komissiyasi tarkibidan chiqarish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi, u ilgari komissiyani Isroilga nisbatan “noxolisligi” uchun tanqid qilgan edi.

2017 yilda, Trampning birinchi muddatida ham Qo‘shma Shtatlar BMT madaniyat agentligidan chiqishini e’lon qilgan va bunga o‘zining “uzoqdan beri Isroilga qarshi tarafkashligi” sabab bo‘lgan edi. Keyinchalik Vashingtonning qaroriga Isroil ham qo‘shildi. 2023 yilda, Jo Bayden prezident bo‘lganida, Qo‘shma Shtatlar UNESCO'ga qaytdi va tashkilotga a’zolik badallarini to‘ladi.

Tramp Qo‘shma Shtatlarni UNESCO tarkibidan chiqargan birinchi prezident emas. 1984 yilda Ronald Reygan Qo‘shma Shtatlar tashqi siyosati va tashkilot maqsadlari o‘rtasidagi nomuvofiqlik tufayli shunday qaror qabul qildi. 2003 yilda, qariyb 20 yillik tanaffusdan so‘ng, mamlakat agentlikka qayta qo‘shildi.

UNESCO hozirgi vaqtda 194 davlat va 12 ta assotsiatsiyalangan a’zolarni (Kayman orollari, Farer orollari va boshqalar) birlashtiradi.


Maqola muallifi

Teglar

AQSh Donal'd Tramp UNESCO

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing