Tramp AQSHni BMTning Isroilga yon bosmayotgan 2 tashkilotidan chiqardi

Olam

image

AQSH Prezidenti Donald Tramp mamlakatni BMTning “antiamerikan” tashkilotlaridan chiqarish to‘g‘risida farmon imzoladi. BMT Inson huquqlari kengashi va Falastin qochqinlariga yordam berish bo‘yicha Yaqin Sharq agentligi (UNRWA) shular jumlasidan. Bu haqda Oq uy bayonot berdi.

Kecha, 4 fevral kuni Tramp AQSHning BMT Inson huquqlari kengashidan chiqishi va UNRWA’ga kelajakdagi har qanday moliyaviy yordamni taqiqlash to‘g‘risidagi farmonni imzoladi.

“Farmon AQSHga UNRWA’ga qo‘shimcha mablag‘ ajratishni taqiqlaydi, chunki bu tashkilot doimiy ravishda antisemitizm va Isroilga qarshi siyosatini namoyon etib keladi. 7 oktyabr kuni Isroilga qarshi amalga oshirilgan dahshatli teraktlarda ishtirok etgan xodimlarining soni bunga yaqqol dalildir. Bundan tashqari, UNRWA ob’ektlari bir necha bor HAMAS va boshqa terrorchi guruhlar tomonidan qurol saqlash va yer osti tunnel tizimlarini qurish uchun ishlatilgan”, deyiladi Oq uy bayonotida.  

Bayonotda ta’kidlanishicha, BMT Inson huquqlari kengashi o‘zining asosiy maqsadini bajarmagan va inson huquqlarini buzayotgan davlatlarni himoya qilish vositasiga aylangan.

“Bunday davlatlar qatoriga Eron, Xitoy va Kuba kiradi. Ular kengashdan o‘zining inson huquqlarini buzish holatlarini yashirish uchun foydalanmoqda. Bundan tashqari, kengash Isroilga nisbatan doimiy va nomutanosib tarafkashlik bilan yondashib, unga haddan tashqari ko‘p e’tibor qaratib kelmoqda”, deyiladi bayonotda.

Ma’lumot uchun, Trampning ushbu qarori yangilik emas. U o‘zining birinchi prezidentlik muddati davomida ham UNRWA'ni moliyalashtirishni to‘xtatgan, AQSHni BMT Inson huquqlari kengashi va Ta’lim, fan va madaniyat tashkiloti (UNESCO) a’zoligidan olib chiqqan edi.

“AQSH UNESCO’dan chiqqanidan keyin tashkilot Isroil bilan munosabatlarni yaxshilashga harakat qildi. Prezident Tramp UNRWA'ga moliyaviy yordamni to‘xtatishga ham muvaffaq bo‘lgan. Keyinchalik Bayden ma’muriyati bu mablag‘ ajratishni qayta tikladi, biroq 7 oktyabr hujumlaridan so‘ng UNRWA'dagi korrupsiyaga duch kelishga majbur bo‘ldi. Prezident Tramp esa yana bir bor AQSHning ushbu korrupsiyalashgan tashkilotlardan chiqishini ta’minlamoqda”, deyiladi bayonotida.   

Ma’lumot o‘rnida, BMT Inson huquqlari kengashi 47 davlatdan iborat bo‘lgan hukumatlararo organ hisoblanadi. U 2006 yilda BMT Bosh Assambleyasi tomonidan inson huquqlarini butun dunyoda himoya qilish va hurmat qilishni targ‘ib qilish maqsadida tashkil etilgan.

AQSH 2009 yilda Barak Obama prezidentligi davrida kengashga qo‘shilgan. Jo Bayden prezidentligi davrida AQSH 2022 yilning 1 yanvaridan 2024 yil 31 dekabrigacha kengash a’zosi bo‘lib turgan, shundan so‘ng kuzatuvchi maqomiga o‘tgan.

2018 yilda Tramp AQSHni BMT Inson huquqlari kengashidan chiqarganida kengash 2006 yildan beri 70 dan ortiq Isroilga qarshi rezolyutsiya qabul qilgani, bu Eron bo‘yicha qabul qilingan rezolyutsiyalar sonidan 10 baravar ko‘p ekani aytilgan.

Eslatib o‘tamiz, 20 yanvar kuni lavozimga kirishgan AQSH Prezidenti Donald Tramp shu kunning o‘zida ijro farmoyishlarining butun bir paketini imzolagandi. Ular qatorida Qo‘shma Shtatlarni Parij iqlim kelishuvidan va Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotidan (JSST) chiqarish to‘g‘risidagi hujjatlar bor.


Maqola muallifi

Teglar

Donal'd Tramp BMT Isroil Inson huquqlari kengashi UNRWA

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing