Tramp AQSH terma jamoasi o‘yiniga chipta sotib olishdan bosh tortdi
Sport
−
08 may 1669 2 daqiqa
AQSH Prezidenti Donald Tramp AQSH terma jamoasining Jahon chempionatidagi birinchi o‘yiniga 1000 dollarlik chipta sotib olmasligini ma’lum qildi. Bu haqda u “The New York Post” nashriga bergan intervyusida so‘z ochdi.
Avvalroq, Yevropa futbol muxlislari assotsiatsiyasi (FSE) chipta narxlarini “tovlamachilik” deb atab, savdoni darhol to‘xtatishga chaqirgan hamda FIFA’ni “nojo‘ya narx siyosati”da ayblagan. Keyinchalik OAV xabarlariga ko‘ra, 2026 yilgi Jahon chempionati finali chiptalari narxi 10 990 dollargacha yetgan. AQSH terma jamoasining 12 iyun kuni Inglvud shahrida Paragvayga qarshi o‘ynaydigan ochilish uchrashuvi uchun eng arzon chipta 1079 dollarni tashkil etadi.
“Men bu narxlarni bilmasdim. O‘sha o‘yinda bo‘lishni juda xohlardim, lekin ochig‘i, bunday pul to‘lamasdim. Narxlarni ko‘rib chiqishim kerak. Agar Kuins, Bruklin va meni qo‘llab-quvvatlaydigan odamlar stadionga kira olmasa, bu meni xafa qiladi. Lekin shu bilan birga, bu katta muvaffaqiyat. Menga ovoz bergan odamlar o‘yinga borishini xohlayman”, deydi Tramp.
Ma’lumot uchun, 2026 yilgi Jahon chempionatida ilk bor 48 ta terma jamoa ishtirok etadi. Turnir tarixda birinchi marta AQSH, Kanada va Meksika kabi uch davlatda o‘tkaziladi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq FIFA prezidenti Janni Infantino Jahon chempionati finaliga 2 million dollarlik chipta sotib olgan muxlislarga hazil aralash tarzda hot-dog va bir shisha kola sovg‘a qilishini aytgandi.