Tramp 3 davlat mahsulotlariga nisbatan bojni oshirmoqchi
Olam
−
26 noyabr 2024
9019AQSHning saylangan prezidenti Donald Tramp o‘z lavozimiga kirishganidan so‘ng Meksika, Kanada va Xitoy mahsulotlariga boj to‘lovlarining miqdorini oshiradi. Bu haqda u o‘zining Truth Social sahifasida yozdi.
“2025 yilning 20 yanvar kuni men Meksika va Kanadadan Qo‘shma Shtatlarga keladigan barcha mahsulotlar va uning ochiq chegaralari uchun 25 foizlik soliq undirish uchun barcha zarur hujjatlarni imzolayman”, deydi Tramp.
Uning ta’kidlashicha, ushbu tarif mamlakatga giyohvand moddalar va noqonuniy migrantlar kirib kelishi to‘xtamaguncha amal qiladi.
Shuningdek, Tramp Xitoydan import qilinadigan barcha mahsulotlarga qo‘shimcha 10 foiz soliq joriy etishini ham ma’lum qilgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, Xitoy tomonidan AQSHga kirib kelayotgan giyohvand moddalarni taqiqlash borasida mamlakat rasmiylari bilan bir necha marta gaplashgan.
Xitoylik rasmiylar ushbu holatga o‘z munosabatini bildirib, giyohvand moddalar savdosi bilan shug‘ullanadiganlarga nisbatan o‘lim jazosini qo‘llashni va’da qilgan. Biroq mamlakatga giyohvand moddalar kirib kelishda davom etmoqda.
Ma’lumot uchun, AQSHning amaldagi Prezidenti Jo Bayden prezidentligi davrida migrantlarni hibsga olish rekord darajaga yetgan, bu yil Bayden yangi chegara cheklovlarini joriy etgani va Meksikada qonunni kuchaytirgani sababli noqonuniy o‘tish keskin kamaygandi.
Eslatib o‘tamiz, oldinroq AQSHning amaldagi Prezidenti Jo Bayden Peruda XXR Raisi Si Szinpin bilan uchrashib, ikki mamlakatning Baydenning to‘rt yillik prezidentligi davomidagi munosabatlarini sarhisob qilgandi. Xitoy rahbari esa Donald Tramp yana AQSH prezidenti bo‘lganidan keyin Vashington bilan aloqalar “silliq tranzit” bo‘lishiga umid bildirgan.
Mohinur Karimova
LiveBarchasi