Tramp Hormuzni “Tramp bo‘g‘ozi” deb o‘zgartirmoqchi
Olam
−
10:51 2856 2 daqiqa
AQSH Prezidenti Donald Tramp Truth Social ijtimoiy tarmog‘ida Hormuz bo‘g‘ozini “Tramp bo‘g‘ozi” deb nomlangan rasmni joylashtirdi.
Mart oyining oxirida Mayamida o‘tkazilgan investitsiya forumida Tramp hazil tariqasida Hormuz bo‘g‘ozini o‘z nomi bilan atab, “ular Tramp bo‘g‘ozini ochishga majbur bo‘ladi”, degan edi va bunday bayonotlar tasodifiy emasligini qo‘shimcha qilgan. Oradan ko‘p o‘tmay “New York Post” manbalarga tayanib, Tramp Hormuz bo‘g‘ozini “Amerika bo‘g‘ozi” deb qayta nomlash imkoniyatini ko‘rib chiqayotganini xabar qilgan.
Oq uyga qaytganidan so‘ng, Tramp muhim ob’ektlarni o‘z nomi bilan qayta nomlash tashabbuslarini faol ilgari surmoqda. Xususan, 2025 yilda Amerika Tinchlik institutini “Tramp nomidagi Amerika tinchlik instituti” deb qayta nomlangan.
Bundan tashqari, u geografik ob’ektlar nomini o‘zgartirish tashabbuslari bilan ham chiqqan. 2025 yil yanvar oyida u Meksika qo‘ltig‘ini “Amerika qo‘ltig‘i”, Denali tog‘ini esa “Mak-Kinli” deb qayta nomlashni buyurgan. Meksika tomonida bu qarorlar tanqid qilinib, “Meksika qo‘ltig‘i” nomi asrlar davomida xalqaro navigatsiyada qo‘llanib kelayotgani ta’kidlangan.
28 fevral kuni AQSH va Isroilning Eronga qarshi operatsiyasi boshlanganidan so‘ng, Tehron Hormuz bo‘g‘ozini blokada qilishini e’lon qilgan. Aprel o‘rtalarida muzokaralar muvaffaqiyatsiz yakunlangach, Tramp AQSH tomonidan harbiy blokada joriy etilishini ma’lum qilgan. Uning aytishicha, bu choralar Eronning neft eksportini to‘xtatish va Tehronga bosimni kuchaytirishga qaratilgan.
AQSH, shuningdek, bo‘g‘ozdan o‘tish uchun Eronga haq to‘lagan deb gumon qilingan kemalarni ushlab qolishni boshlagan. Oqibatda, bo‘g‘oz orqali kema qatnovi deyarli to‘xtab qolgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq AQSH Prezidenti Donald Tramp o‘z yordamchilariga Eronga qarshi uzoq muddatli blokadaga tayyorgarlik ko‘rishni buyurgandi.
Live
Barchasi