Tramp Hindiston tovarlariga 25 foizlik bojlarni bekor qiladi
Olam
−
07 fevral 1221 2 daqiqa
Bugun, 7 fevraldan boshlab AQSH Hindistondan import qilinadigan tovarlarga joriy etilgan 25 foizlik bojlarni bekor qiladi. Bunga Nyu-Dehlining Rossiya neftini xarid qilishni to‘xtatishga va’da bergani sabab bo‘lgan. Bu haqda Oq uyning ijtimoiy tarmoqlarida xabar berildi.
Ma’lum qilinishicha, AQSH Prezidenti Donald Tramp Rossiyadan neft xarid qilgani uchun Hindistonga nisbatan joriy etilgan 25 foizlik bojlarni bekor qilish to‘g‘risidagi qonunni imzolagan.
Qonun 2026 yilning 7 fevral kuni Sharqiy standart vaqt bilan soat 12:01 da (Toshkent vaqti bilan 22:00) kuchga kiradi. Hujjatda aytilishicha, shu vaqtdan boshlab Hindistondan AQSHga import qilinadigan mahsulotlarga endi qo‘shimcha 25 foizlik advalor boj stavkasi qo‘llanilmaydi.
“Mening fikrimcha, ushbu o‘zgartirish milliy favqulodda vaziyatni hal etish uchun zarur va o‘rinlidir”, degan Tramp.
U shuningdek, Hindiston Rossiya Federatsiyasidan to‘g‘ridan to‘g‘ri yoki bilvosita neft importini to‘xtatish majburiyatini olgani, AQSHdan energiya mahsulotlari xarid qilishini bildirgani hamda kelgusi 10 yil ichida mudofaa sohasidagi hamkorlikni kengaytirish bo‘yicha kelishuv tuzgani haqida ma’lum qilgan.
Shundan so‘ng Oq uy yana bir bayonot e’lon qilgan. Unda AQSH va Hindiston savdo bo‘yicha asosiy, vaqtinchalik kelishuvga erishgani aytilgan. Hujjatga ko‘ra, Hindiston kelgusi besh yil davomida AQSHdan 500 milliard dollar miqdorida energiya mahsulotlari, aviatsiya texnikasi va ehtiyot qismlari, qimmatbaho metallar hamda texnologik mahsulotlar xarid qilishni rejalashtirmoqda. Buning evaziga Nyu-Dehli AQSHning barcha sanoat mahsulotlari, shuningdek, keng turdagi oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi mahsulotlariga nisbatan bojlarni bekor qilishi yoki kamaytirishi shart bo‘ladi.
Bundan tashqari, Hindiston va AQSH texnologik mahsulotlar savdosini sezilarli darajada kengaytiradi. Bu grafik protsessorlar, ma’lumotlar markazlarida foydalaniladigan boshqa mahsulotlar hamda qo‘shma texnologik hamkorlikni rivojlantirishni ham o‘z ichiga oladi.
Live
Barchasi