Kurs UZS

USD

12 938.11

18.11

EUR

14 076.66

-25.52

RUB

149.99

0.47

Tramp HAMASga “jahannam” bilan tahdid qildi

Olam

image

AQSH Prezidenti Donald Tramp HAMAS harakatidan barcha isroillik garovga olinganlarni 15 fevral kuni tushgacha ozod qilishni talab qildi. Bu haqda bugun, 11 fevral kuni “Fox News” xabar berdi.

“Agar shanba kuni soat 12:00 ga qadar barcha garovga olinganlar qaytarilmasa, men o‘t ochishni to‘xtatish to‘g‘risidagi kelishuvni bekor qilish va “jahannam”ni boshlash vaqti keldi deb o‘ylayman”, deydi Tramp.

Kecha, 10 fevral kuni HAMAS vakillari Isroil sulh shartlariga rioya qilmagani sababli 15 fevralga belgilangan garovga olinganlarni Isroilga topshirishni keyinga qoldirish niyatida ekanini ma’lum qilgan edi.

Isroil tomonidan taxmin qilingan qonunbuzarliklar ro‘yxatiga quyidagilar kiradi: falastinliklarning G‘azo sektori shimoliga qaytishiga yo‘l qo‘ymaslik, chodirlar, yoqilg‘i, dori-darmon va vayronalarni tozalash uchun jihozlarning kirishiga to‘sqinlik qilish.

Isroil Mudofaa vaziri Isroil Kats HAMASning qarorini tomonlar erishgan o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha kelishuvni “to‘liq buzish” deb atadi va G‘azo sektoridagi SAXAL kuchlarini to‘liq jangovar shay holatga keltirdi.

Qayd etish joiz, o‘tgan haftada Oq uyda Isroil Bosh vaziri Binyamin Netanyaxuni qabul qilar ekan, AQSH Prezidenti Vashington G‘azo sektori ustidan nazorat o‘rnatishini va “barcha xavfli portlamagan bombalar va boshqa qurollarni olib tashlash uchun javobgar bo‘lishini”, qirg‘oq chizig‘ini “Yaqin Sharq Rivrasi”ga aylantirishini aytgandi.

“Biz uni rivojlantiramiz, minglab ish o‘rinlarini yaratamiz. Bu butun Yaqin Sharq faxrlanishi mumkin bo‘lgan narsa bo‘ladi”, deb va’da berdi Tramp.

Donald Tramp G‘azo sektorida yashovchi falastinliklarni ko‘chirishni taklif qildi. Netanyaxu Trampning tashabbusini ma’qullab, uni “inqilobiy” deb atadi.

O‘z navbatida, falastinliklar, qator arab davlatlari va AQSHning G‘arb ittifoqchilari respublikachini tanqid qilib, uni xalqaro huquqni buzganlikda aybladi.

Tanqidlarga qaramay, 10 fevral kuni Donald Tramp G‘azo sektorini sotib olish niyatini tasdiqladi.

“Uni qayta tiklashga kelsak, biz uni Yaqin Sharqdagi boshqa davlatlarga berishimiz mumkin, ular hududining bir qismini qurishi mumkin; boshqa odamlar buni bizning homiyligimiz ostida amalga oshirishi mumkin”, deydi u.

Tramp, shuningdek, AQSHning ittifoqdoshlari Iordaniya va Misr, agar falastinliklarni G‘azo bo‘yicha bahsli rejasini qabul qilishdan bosh tortsa, ularga yordam berishni “nazariy” to‘xtatib qo‘yish bilan tahdid qildi.


Maqola muallifi

Teglar

AQSh Donal'd Tramp Isroil G'azo HAMAS

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing