Tojikistondan olib kelingan 66 kg narkotik modda topildi (video)

3-sahifa

image
Sobiq IIO xodimining mashinasidan qariyb 1 kg “gashish” chiqdi north_east

Sobiq IIO xodimining mashinasidan qariyb 1 kg “gashish” chiqdi

Farg‘ona, Samarqand, Namangan va Andijon viloyatiga Tojikistondan olib kelingan 66 kg narkotik modda to‘xtatib qolindi. Bu haqda Davlat xavfsizlik xizmati xabar berdi.

Jumladan, Farg‘ona viloyatining Beshariq tumanida yashovchi, 1992 yilda tug‘ilgan fuqaro boshqaruvidagi Cobalt mashinasi Tojikistondan Beshariq tumanida joylashgan “Rovot” chegara bojxona postiga kirib kelgan vaqtida to‘xtatildi. Avtomashina sinchkovlik bilan ko‘zdan kechirilganda, uning yukxonasiga o‘rnatilgan gaz balloni ichiga 53 dona o‘ramda giyohvandlik vositasi yashirilgani ma’lum bo‘ldi. Ekspertiza xulosasiga ko‘ra, ushbu o‘ramlarda 50 kg 852 gr “opiy” va 6 kg 927 gr “gashish” moddalari borligi aniqlandi. Tergovga qadar tekshiruv davomida avtotransport egasi ularni Dushanbe shahridan olib kelayotgani ma’lum bo‘ldi.

Shuningdek, Samarqand viloyatining Urgut tumanida yashovchi, 1992 yilda tug‘ilgan fuqaro boshqaruvidagi Gentra avtomashinasi “Samarqand-Navoiy” yo‘nalishida harakatlanib ketayotgan vaqtida Narpay tumanida to‘xtatildi. Avtotransport vositasi xolislar ishtirokida ko‘zdan kechirilganda, uning yukxonasida Tojikistondan olib kelingan 981 gr geroin moddasi borligi ma’lum bo‘ldi.

Namangan viloyatida o‘tkazilgan tezkor tadbirda esa “Andijon – Namangan” yo‘nalishida harakatlanayotgan “VAZ 2106” rusumli transport vositasi Norin tumani hududida to‘xtatilib tekshirildi. Andijon shahrida yashovchi, 1979 va 1986 yillarda tug‘ilgan aka-uka ketayotgan avtomashina salonidan 1 kg 833 gr “gashish” moddasi ashyoviy dalil sifatida olindi. Shuningdek, tezkor tadbir davom ettirilib, ulardan birining yashash manzilidan ham 1 kg 469 gr “gashish” moddasi olindi. Tergovga qadar tekshiruv davomida ushbu “ajal og‘usi” kelgusida sotib, mo‘may daromad topish maqsadida Tojikistondan kontrabanda yo‘li bilan olib kelingani ma’lum bo‘ldi. DXXga ko‘ra, aka-ukalarning kattasi muqaddam aynan narkotik moddalar savdosi bilan bog‘liq jinoyati uchun sudlangan shaxs hisoblanadi.

Navbatdagi holatda esa Qirg‘izistonning O‘sh shahrida yashovchi, 1985 yilda tug‘ilgan fuqaro 3 kg 949 gr “gashish” moddasini Andijon shahrida xaridorga 28 ming dollarga sotgan vaqtida qo‘lga olindi. Aniqlanishicha, qirg‘izistonlik fuqaro ushbu narkotik moddani muqaddam tojikistonlik narkokurerlar tomonidan qoldirib ketilgan Toshkent viloyatining Ohangaron tumani hududidagi xufiya joydan olgan.

Hozirda mazkur shaxslarning barchasiga nisbatan Jinoyat kodeksining 246-moddasi (kontrabanda) va 273-moddasi (giyovandlik vositalari, ularning analoglari yoki psixotrop moddalarni o‘tkazish maqsadini ko‘zlab qonunga xilof ravishda tayyorlash, olish, saqlash va boshqa harakatlar qilish, shuningdek ularni qonunga xilof ravishda o‘tkazish) bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, qamoq ehtiyot chorasi qo‘llandi.

Eslatib o‘taamiz, avvalroq Tojikistondan olib kelingan qariyb 50 kg “opiy” giyohvandlik vositasi musodara qilingandi.


Maqola muallifi

Teglar

kontrabanda DXX Tojikiston gashish opiy narkotik modda

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing