Tojikistonda o‘zbekistonliklarning “propiska”siz yurishiga doir qonun ma’qullandi
Olam
−
30 mart 2022
7477Tojikistonlik deputatlar Tojikiston va O‘zbekiston hukumatlari o‘rtasida fuqarolarning o‘zaro sayohatlari to‘g‘risidagi bitimga o‘zgartirishlar kiritishni nazarda tutuvchi hujjatni qabul qildi. Unga ko‘ra, endi ikki davlat fuqarolari qo‘shni respublika hududida 10 kungacha vaqtinchalik propiskasiz qolishlari mumkin. Bu haqda “Aziya-plyus” nashri xabar berdi.
Qayd etilishicha, bugun, 30 mart kuni mamlakat parlamentining navbatdagi majlisida Tojikiston va O‘zbekiston fuqarolarining o‘zaro sayohatlari to‘g‘risidagi shartnomaga kiritilgan o‘zgartirish ratifikatsiya qilingan.
Tojikiston Ichki ishlar vaziri o‘rinbosari Saidnaxsh Rahmonzoda kelishuvga kiritilgan o‘zgartirishlarni sharhlar ekan, bundan maqsad tojikistonliklarning O‘zbekistonga tashrifi sonini ko‘paytirish va ro‘yxatsiz yurish muddati qisqaligi sababli fuqarolar duch kelayotgan qiyinchiliklarni bartaraf etishdan iboratligini aytib o‘tgan.
“Mazkur bitimning 3-bandiga boshqa tomon hududiga kiruvchi tomonlardan birining fuqarolari davlat chegarasidan kesib o‘tgan kundan boshlab o‘z yashash joyidagi davlatning vakolatli organlarida ro‘yxatdan o‘tish va vaqtincha ro‘yxatdan o‘tish majburiyatidan 10 ish kunigacha ozod etiladigan holda o‘zgartirildi”, deydi vazir.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 16 martidan O‘zbekiston Respublikasining Tojikiston Respublikasi bilan chegarasida joylashgan o‘tkazish punktlari faoliyati qayta tiklagandi.
Bundan tashqari, joriy yilning 15 martidan boshlab O‘zbekiston-Tojikiston chegarasidagi barcha nazorat-o‘tkazish punktlari normal ish rejimiga qaytgandi, endilikda chegarani kesib o‘tish uchun Tojikiston Respublikasi hududida PZR testidan o‘tmasdan to‘liq emlanganlik sertifikatini taqdim etish kifoya qiladi.
LiveBarchasi