Tojikistonda bo‘lib qaytgan shifokorlar tantanali ravishda kutib olindi

Jamiyat

image

Avvalroq, koronavirus infeksiyasiga qarshi kurashish, kasallikka chalingan bemorlarni samarali davolashda katta tajriba va malakaga ega o‘zbekistonlik bir guruh shifokor mutaxassislar Tojikiston Respublikasiga yo‘l olishgani haqida xabar berilgan edi. Bugun tojikistonlik hamkasblari bilan hamkorlikda samarali faoliyat olib borgan shifokorlar O‘zbekistonga qaytishdi. Bu haqda bugun, 22 may kuni Sog‘liqni saqlash vazirligi xabar berdi.

Ta’kidlanishicha, mutaxassislar tomonidan safar davomida Tojikiston Sog‘liqni saqlash vazirligi mas’ullari hamda shifokorlari ishtirokida qator anjumanlar tashkil etilib, ularda O‘zbekistondagi epidemik vaziyat va kasallikning oldini olishda amalga oshirilgan chora-tadbirlar va erishilgan yutuqlar haqida batafsil ma’lumot berildi, o‘zaro fikr va tajriba almashindi. Shuningdek, kasallikka chalingan bemorlarni samarali davolash, shaxsiy himoya vositalaridan to‘g‘ri foydalanish, gigiyena qoidalariga rioya qilish va shifoxonalarda zararsizlantirish tadbirlarini amalga oshirish tartib-qoidalari bo‘yicha master-klass mashg‘ulotlari ham o‘tkazildi.

SSV Matbuot xizmati fotolari

O‘zbekistondan borgan anesteziolog-reanimatolog, pulmonolog, epidemiolog, infeksionist, virusolog kabi mutaxassislarimiz tojikistonlik hamkasblari bilan hamkorlikda qator tavsiyalar ishlab chiqishdi va shu asosda samarali chora-tadbirlar amalga oshirildi.

SSV Matbuot xizmati fotolari

Jumladan, Tojikiston Sog‘liqni saqlash vazirligi tizimida koronavirus infeksiyasi bo‘yicha respublikadagi vaziyatni o‘rganish, zarur bo‘lganda, qo‘shimcha chora-tadbirlarni rejalashtirish va og‘ir bemorlarga malakali tibbiy yordam ko‘rsatish tadbirlarini amalga oshirish maqsadida yetuk mutaxassislardan iborat markaziy guruh tashkil etildi. Shuningdek, aholi tomonidan koronavirus infeksiyasi bo‘yicha tushgan murojaatlarni zudlik bilan ko‘rib chiqish va hal etish uchun, O‘zbekiston tajribasidan kelib chiqqan holda, Call-markaz faoliyati yo‘lga qo‘yildi. Mobil kompaniyalar orqali aholini koronavirus kasalligidan himoya qilish maqsadida tizimli ravishda SMS targ‘ibot ishlari boshlab yuborildi.

SSV Matbuot xizmati fotolari

Bundan tashqari, tashrif doirasida Tojikiston Sog‘liqni saqlash vazirligi, viloyat, tuman davolash profilaktika muassasalarining rahbarlari va yuqumli kasalliklar shifoxonalarining mutaxassislari ishtirokida qator onlayn videomuloqotlar o‘tkazildi.

SSV Matbuot xizmati fotolari

“O‘zbekistonlik mutaxassislarining 14 kun davomida tojikistonlik mutaxassislar bilan birgalikda olib borgan koronavirus infeksiyasining oldini olish hamda davolashga qaratilgan amaliy chora-tadbirlari katta samara berayotganligi ular tomonidan ham alohida e’tirof etildi. O‘zbek-tojik xalqlari hamisha bir-biriga yelkadosh bo‘lib kelgan. Buni zarur ko‘mak va kerakli tavsiyalari bilan tojik xalqiga yaqindan yordam bergan fidoyi shifokorlarimiz misolida ham guvoh bo‘lishimiz mumkin“, deyiladi vazirlik xabarida.

SSV Matbuot xizmati fotolari

Ana shunday sharafli vazifani munosib tarzda bajarib qaytishgan tibbiyot xodimlari Toshkentda Sog‘liqni saqlash vazirligi mutasaddilari tomonidan tantanali ravishda kutib olindi.

SSV Matbuot xizmati fotolari

E’tiborli jihati, Tojikistonda bo‘lib qaytgan tibbiy guruh tarkibidagi barcha, ya’ni 8 nafar tibbiyot xodimi Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan “O‘zbekiston Respublikasi sog‘liqni saqlash a’lochisi” ko‘krak nishoni bilan taqdirlandi.


Maqola muallifi

Teglar

Koronavirus Shifokorlar

Baholaganlar

111

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing