Tojikiston chegarani 1924 yilgi xaritaga muvofiq bo‘lmoqchi – Japarov

Olam

image

Tojikiston Qirg‘izistonga chegara masalasini 1924 yilgi xaritaga muvofiq hal qilish bo‘yicha takliflar kiritmoqda. Bu haqda Qirg‘iziston Prezidenti Sadir Japarov “Kabar” agentligiga bergan intervyusida ma’lum qildi. 

 “Aslida 1924 yilgi xaritadagi masalani hal qilish taklifi huquqiy va ma’naviy jihatdan noto‘g‘ri. 1924 yilda ular ham, biz ham alohida davlat emasdik. Agar ikkala tomon ham rozi bo‘lib, 1924 yilgi xarita bo‘yicha qaror qabul qilishsa, biz chegaraning barcha uchastkalarini ushbu xarita bo‘yicha ko‘rib chiqishimiz kerak”, deydi Prezident.

Japarovning qayd etishicha, avvalroq ikki tomon ham rozi bo‘lgan va ishlar tez sur’atda ketayotgan edi. Lekin bu taklifdan keyin ish to‘xtatilgan.

“Shunday qilib, biz may oyiga qadar qaror qilishimiz mumkin deb o‘yladim. Afsuski, biz hali yakuniga yetganimiz yo‘q”, deya qo‘shimcha qilgan u.

Ma’lumot uchun, Qirg‘iziston va Tojikiston o‘rtasidagi davlat chegarasining uzunligi qariyb 980 kilometrni tashkil qiladi. 2002 yilning dekabr oyidan buyon uning delimitatsiyasi bo‘yicha muzokaralar davom etmoqda. 2017 yildan beri Dushanbe va Bishkek bu jarayonni sezilarli darajada kuchaytirdi. Hozirgi vaqtda chegara o‘tish chizig‘ining uchdan ikki qismidan ko‘prog‘i aniqlangan va davlatlar tomonidan o‘zaro tan olingan, qolgan uchastkalari bahsli hisoblanadi. 

Ushbu muammoning hal bo‘lmagani ikki respublikaning mahalliy aholisi va harbiy xizmatchilari o‘rtasida, shu jumladan, o‘qotar quroldan foydalanish bilan bog‘liq nizolarga bir necha bor sabab bo‘lgan. Ularning oxirgisi 2022 yil kuzining boshida sodir bo‘lgan, Qirg‘iziston tomonida to‘qnashuvlar chog‘ida 60 dan ortiq odam halok bo‘lgan. Qirg‘iziston Qozog‘iston, Xitoy, O‘zbekiston va Tojikiston bilan chegaradosh. Hozircha demarkatsiya va delimitatsiya jarayonini faqat Tojikiston tomoni bilan yakunlab bo‘lmadi.


Maqola muallifi

Teglar

Tojikiston chegara Qirg'iziston Sadir Japarov

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing