Tojikiston afg‘onistonliklarni deportatsiya qildi

Olam

image

Afg‘onistondagi “Tolibon” muvaqqat hukumatining Migratsiya vazirligi 28-29 may kunlari “noma’lum sabablarga ko‘ra” 49 nafar afg‘on muhojiri Tojikistondan deportatsiya qilinganini ma’lum qildi.

Vazirlikning bildirishicha, 49 nafar afg‘onistonlik muhojir 31 may kuni Qunduz viloyatidagi Sherxon chegara punkti orqali o‘z vatanlariga qaytarilgan. “Tolibon”ga ko‘ra, ulardan 36 nafarining Tojikistonda yashash uchun ruxsatnomasi, 13 nafarining pasport va vizasi bo‘lgan. Afg‘oniston hukumati ularning deportatsiya sababi noma’lum ekanini ta’kidladi.

Tojikiston rasmiylari bu borada hech qanday qo‘shimcha ma’lumot bermagan.
Bir oy oldin, 21 aprel kuni ham Afg‘oniston yosh jurnalistlar markazi Tojikiston 50 ga yaqin afg‘on qochqinini mamlakatdan Afg‘onistonga deportatsiya qilgani haqida xabar bergan edi. O‘shanda Vahdat shahrida yashovchi bu shaxslar BMTning Qochqinlar bo‘yicha Oliy komissarligi boshqarmasi tomonidan berilgan barcha qochqin hujjatlariga ega ekanligi ma’lum qilingan. Ularning aksariyati Vahdat shahrida taksi haydovchisi bo‘lib ishlagan.

“Qochqinlar Vahdat shahar xavfsizlik bo‘limiga chaqirilib, hujjatlari olib qo‘yilgan, so‘ngra ikki mashinada chegaraga olib ketilgan. Shuningdek, ko‘cha va bozorlarda bo‘lgan va xarid qilgan yana bir qancha qochqinlar Tojikiston xavfsizlik kuchlari tomonidan qo‘lga olinib, Afg‘onistonga deportatsiya qilindi”, deb xabar berdi manba.

Xalqaro tashkilotlar afg‘onlarning “Tolibon” nazorati ostidagi o‘z mamlakatiga deportatsiya qilinishi ularning hayotiga xavf tug‘dirayotganini qayd etadi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Tojikistondan o‘nlab afg‘onistonlik qochqinlar deportatsiya qilingan, keyin deportatsiya sabablari tushuntirilgan. Ular soqol qo‘ygani, begona kiyim kiygani, spirtli ichimliklar iste’mol qilgani, ijtimoiy tarmoqlarda siyosiy munozaralar olib borgani va umuman mamlakatda bo‘lish qoidalarini buzgani uchun haydalgan. BMT Qochqinlar bo‘yicha Oliy komissarligi Tojikiston rasmiylarini afg‘on muhojirlarini hayoti xavf ostida bo‘lgan davlatga deportatsiya qilishdan tiyilishga chaqirdi va ularni uchinchi davlatlarga yuborish yoki jinoiy javobgarlikka tortishni taklif qildi.

Norasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, ayni paytda Tojikistonda, asosan, Dushanbe va Vahdat shaharlari hamda Rudakiy viloyatida 10 mingdan ortiq Afg‘oniston fuqarosi istiqomat qiladi.


Maqola muallifi

Teglar

Afg'oniston Tojikiston Tolibon

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing