Tojikiston Afg‘onistonga elektr energiyasini yetkazib berish bo‘yicha shartnomani uzaytirdi

Olam

image

Tojikiston va Afg‘oniston elektr energetika kompaniyalari tojik elektr energiyasini Afg‘onistonga yetkazib berish bo‘yicha shartnoma tuzdi. Bu haqda Da Afghanistan Breshna Sherkat kompaniyasi saytida ma’lum qilindi.

Hujjatni Da Afghanistan Breshna Sherkat (DABS) rahbari Mullo Muhammad Hanif Hamza va “Barki Tojik” kompaniyasi rahbari Mahmadumar Asozoda shu hafta boshida Turkiyada imzolagan.

Hisobotda aytilishicha, Turkiyadagi uchrashuvda tomonlar Tojikistondan Afg‘onistonga elektr energiyasi yetkazib berish uchun 500 kV yangi elektr uzatish liniyasini yotqizish imkoniyatlarini ham muhokama qilgan.

Shuningdek, afg‘on kompaniyasi rahbariyati xabarida qo‘shni mamlakatga Tojikiston va Qirg‘izistondan Afg‘oniston va Pokistonga elektr energiyasi yetkazib berishni nazarda tutuvchi CASA-1000 loyihasini qayta tiklash, muvofiqlashtirish va amalga oshirish bo‘yicha hamkorlik qilish iltimosi bilan murojaat qilgani qayd etilgan.

Xabarda boshqa tafsilotlar keltirilmagan.

2008 yilda Tojikiston va Afg‘oniston o‘rtasida 2028 yilgacha tojik elektr energiyasini yetkazib berish bo‘yicha kelishuv imzolangan edi. Har yil yakunida tomonlar kelgusi yil uchun elektr energiyasi yetkazib berish hajmi va uning narxini belgilovchi qo‘shimcha bayonnoma tuzadi.

Tojikiston statistika agentligi ma’lumotlariga ko‘ra, joriy yilning noyabr oyida respublika 1,9 million dollardan ortiq elektr energiyasini eksport qilgan, bu o‘tgan oyga nisbatan 46 foizga ko‘pdir.

Umuman olganda, 2023 yil boshidan buyon Tojikistondan xorijga 107,7 million dollardan ortiq miqdorda elektr energiyasi yetkazib berildi, bu 2022 yilning shu davriga nisbatan qariyb 5 foizga ko‘pdir.

2023 yil uchun Tojikiston faqat ikki davlat – Afg‘oniston va O‘zbekiston bilan elektr energiyasi yetkazib berish bo‘yicha shartnomalar tuzgan.

Ma’lumot uchun, Da Afghanistan Breshna Sherkat (DABS) – mustaqil va avtonom kompaniya bo‘lib, Afg‘onistonning “Korporatsiyalar va cheklangan javobgarlik to‘g‘risida”gi qonuniga muvofiq tashkil etilgan. DABS mas’uliyati cheklangan jamiyat bo‘lib, barcha aksiyalari Afg‘oniston hukumatiga tegishli.


Maqola muallifi

Teglar

Afg'oniston Tojikiston elektr energiyasi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing