Tojik-qirg‘iz chegarasidagi mojaro: SHHT tomonlarni murosaga chaqirdi
Olam
−
28 yanvar 2022
4914Shanxay Hamkorlik Tashkilotining mintaqaviy aksilterror tuzilmasi (SHHT MATT) qirg‘iz-tojik chegarasida qurol qo‘llanilishini "nomaqbul" deb hisoblaydi va tomonlarni mojaroni hal qilishda murosaga kelishga chaqiradi. Bu haqda MATT bayonotida aytilgan.
“SHHT MATT Ijroiya qo‘mitasi qirg‘iz-tojik chegarasida keskinlikning yangi kuchayishidan xavotir bildiradi, fuqarolarning hayoti va sog‘lig‘iga tahdid soluvchi quroldan foydalanishni nomaqbul deb hisoblaydi”, deyiladi bayonotda.
MATT tomonlarni “chegara muammolarining barcha spektrini faqat diplomatik vositalar orqali murosaga keltirish bo‘yicha ikki tomonlama mas’uliyatli hamkorlikka” chaqirgan.
SHHT 2001 yilda tashkil etilgan xalqaro tashkilotdir. Hindiston, Qozog‘iston, Xitoy, Qirg‘iziston, Rossiya, Tojikiston, Pokiston va O‘zbekiston uning a’zolari hisoblanadi. SHHTda kuzatuvchi davlatlar Afg‘oniston, Belarus, Eron va Mo‘g‘uliston, hamkor davlatlar Ozarbayjon, Armaniston, Kambodja, Nepal, Turkiya va Shri-Lankadir. 2021 yil sentyabrida Dushanbeda bo‘lib o‘tgan SHHT sammitida Eronni tashkilotga qabul qilish tartibi boshlangan edi. MATT bosh qarorgohi Toshkentda joylashgan.
Ma’lumot o‘rnida, kecha, 27 yanvar kuni Qirg‘iziston chegara xizmati qirg‘iz va tojik chegarachilari o‘rtasida otishma boshlangani haqida ma’lum qildi. Ma’lumotlarga ko‘ra, Tojikiston tomoni granatomyot va minomyotlardan foydalangan. Mojaroga Qirg‘izistonning Isfana va Botken shaharlarini bog‘lovchi avtomobil yo‘lining tojik harbiylari tomonidan to‘sib qo‘yilgani sabab bo‘lgan.
To‘qnashuvlar bir necha soat davom etgan. Bugun, 28 yanvar kuni Toshkent vaqti bilan soat 02:00 atrofida ikki davlat vakillari o‘rtasidagi muzokaralardan so‘ng sulhga erishilgan.
LiveBarchasi