Tojik-qirg‘iz mojarosida vayron bo‘lgan uylar o‘rniga yangisi sovg‘a qilindi

Olam

image

Tojikistonning So‘g‘d viloyati raisi Rajabboy Ahmadzoda aprel oyi oxirida tojik-qirg‘iz chegara mojarosidan aziyat chekkan Somoniyon va Xo‘jayi A’lo qishloqlari aholisiga yangi uylarning kalitlarini topshirdi. Jami 29 ta uy kundalik hayot uchun zarur bo‘lgan barcha xo‘jalik buyumlari bilan foydalanishga topshirildi. Bu haqda mahalliy OAV yozmoqda.

“Uylar qoshiq va choynaklardan tortib kir yuvish mashinalari, muzlatgichlar, televizorlar, pechkalar, yostiq hamda gilamlargacha bo‘lgan barcha buyumlar bilan to‘liq jihozlangan. Uylar qurilishi asosan hududiy tuzilmalar tomonidan amalga oshirildi. Shahar, tuman va ayrim tashkilotlar jihozlashda qisman yordam berishdi”, deydi So‘g‘d viloyatidagi chegara mojarosi oqibatlarini tiklash bo‘yicha mintaqaviy shtab rahbari Ma’ruf Muhammadzoda.

Unga ko‘ra, mojarolar paytida 29 ta uydan 22 tasi butunlay vayron bo‘lgan va 130 dan ortiq odam uysiz qolgan.

“Somoniyon qishlog‘ida 17 uy, Xo‘jayi A’loda 12 uy qurildi. Har bir uy umumiy maydoni taxminan 100 kvadrat metr bo‘lgan ikkita xonadan — ayvon va yo‘lakdan iborat. Har bir uyni qurish va jihozlash uchun 130 ming somoniydan (taxminan 121 million so‘m — tahr.) ortiq mablag‘ sarflandi”,  deya qo‘shimcha qildi Muhammadzoda.

Qariyb ming kilometr umumiy chegaraga ega bo‘lgan qo‘shnilar mojarosi

Ma’lumot o‘rnida, joriy yilning 28 aprel kuni Qirg‘izistonning Botken viloyati Ko‘k-Tosh qishlog‘i yaqinidagi “Golovnoy” suv olish joyidagi davlat chegarasining qirg‘iz-tojik qismida ikki mamlakat mahalliy aholisi o‘rtasida to‘qnashuv sodir bo‘ldi. 29 aprelda Qirg‘iziston va Tojikiston xavfsizlik kuchlari o‘rtasida qurolli to‘qnashuvga aylandi. Qirg‘izistonning Botken viloyati Botken va Laylak tumanlarida otishmalar 30 aprel va 1 may kunlari davom etdi. 

1 may kuni tomonlar otishmani to‘liq to‘xtatish va chegaradan kuchlarni olib chiqib ketish to‘g‘risida kelishib olishga muvaffaq bo‘ldi. Xuddi shu kuni tojikistonlik harbiylar Qirg‘iziston hududidan chiqib ketdi.


Maqola muallifi

Teglar

chegara mojaro tojik-qirg'iz So'g'd

Baholaganlar

58

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing