Tojik-afg‘on chegarasidagi otishmada askar halok bo‘ldi
Olam
−
28 aprel 2023
13951Tojikistonning Afg‘oniston bilan chegara hududida narkotik savdogarlari bilan otishma sodir bo‘lib, unda tojik chegarachisi halok bo‘lgan. Bu haqda Tojikiston Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasining Tog‘li Badaxshon muxtor viloyati bo‘yicha departamenti xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, bugun, 28 aprel kuni giyohvand moddalar savdosi bilan shug‘ullanuvchi guruhning sakkiz nafar a’zosi Tojikiston va Afg‘oniston chegarasini noqonuniy kesib o‘tishga uringan.
“Soat 01:30 da transmilliy kontrabandachilarning sakkiz kishidan iborat qurolli guruhi Tojikiston va Afg‘oniston davlat chegarasidagi “Xorug‘” chegara otryadining “Tishor” posti qo‘riqlanadigan hududni kesib o‘tdi. Jinoyatchilar qo‘lga olish chog‘ida o‘t ochgan. Ulardan uch nafari ushlanib, qolganlari qochib, Afg‘oniston hududiga qaytgan, bir askar halok bo‘lgan”, deyiladi xabarda.
Aytilishicha, kontrabandachilar guruhiga Afg‘onistonning uch fuqarosi boshchilik qilgan. Qo‘lga olinganlarning uch nafari ham Tojikiston fuqarolari bo‘lib chiqqan. Otishma joyidan 45 kg geroin, Kalashnikov avtomati, 74 dona o‘q-dori, tungi ko‘rish moslamasi va 10 ming dollar pul topilgan.
Eslatib o‘tamiz, 26 aprel kuni Afg‘onistondan ikki nafar terrorchi Tojikiston hududiga bostirib kirgan edi. Huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbir natijasida qoidabuzarlar yo‘q qilingan.
LiveBarchasi