Tozalash va dezinfeksiya vositalariga talab oshgan – Prezident kimyo sanoatidagi vazifalarini belgilab berdi
Jamiyat
−
16 aprel 2020
2731Avvalroq, O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev kimyo, agrotexnika va avtomobil sanoati korxonalarida ishlab chiqarish sur’atlarini ta’minlash hamda yangi loyihalarni amalga oshirish masalalari bo‘yicha yig‘ilish o‘tkazgani haqida xabar bergan edik.
Yig‘ilishda kimyo sanoati mavjud quvvatlarni saqlab qolish bilan birga yangi ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish uchun barcha imkoniyatlarga ega ekani ta’kidlandi. Ammo tarmoqdagi bugungi holatga tanqidiy baho berildi.
Qayd etilishicha, joriy yilda 9 trillion so‘mlik mahsulot ishlab chiqarish va 280 million dollarlik eksport rejalashtirilgan. Bunga erishish uchun “O‘zkimyosanoat” aksiyadorlik jamiyati tarmoqdagi korxonalar faoliyatiga ko‘maklashib, talab yuqori bo‘lgan mahsulotlar ishlab chiqarish hajmini oshirishi zarurligi ta’kidlandi.
Xususan, yaqin bir oyda “Navoiyazot” aksiyadorlik jamiyatidagi polivinilxlorid korxonasi quvvatini 90 foizga yetkazish, azot kislotasi ishlab chiqarish loyihasini foydalanishga topshirish vazifasi qo‘yildi.
Hozirgi epidemiologik vaziyat bois tozalash va dezinfeksiya vositalariga talab oshgan. Xususan, qo‘shni davlatlardan 2 ming tonna gipoxloritga buyurtma kelib tushgan. Shuningdek, tog‘-kon metallurgiya sanoati uchun muhim bo‘lgan sianid tuzlariga ham ehtiyoj ortmoqda.
Shu bois imkoniyatlarni to‘liq safarbar etish orqali ishlab chiqarish hajmini oshirish, mavjud quvvatlarni modernizatsiya qilishga qaratilgan yangi loyihalar tayyorlash yuzasidan ko‘rsatmalar berildi.
LiveBarchasi