“Tottenxem” bosh murabbiyi lavozimidan ozod qilindi
Sport
−
15:45 725 2 daqiqa
Angliyaning “Tottenxem” jamoasi bosh murabbiy Tomas Frankni lavozimidan ozod qildi. Bu haqda klub matbuot xizmati xabar berdi.
“Klub jamoa bosh murabbiyini o‘zgartirishga qaror qildi va bugundan boshlab Tomas Frank o‘z lavozimini tark etadi. Tomas 2025 yil iyun oyida tayinlangan edi va biz u bilan kelajak ustida ishlash uchun zarur vaqt hamda yordamni taqdim etishga sodiq bo‘ldik. Biroq natijalar va jamoa o‘yini direktorlar kengashini mavsumning ushbu bosqichida murabbiyni almashtirish zarur, degan xulosaga keltirdi. Klubdagi faoliyati davomida Tomas o‘zini to‘liq jamoa rivojiga bag‘ishlab, yuksak fidoyilik namoyon etdi. Biz unga qo‘shgan hissasi uchun minnatdorlik bildiramiz va kelgusi faoliyatida muvaffaqiyat tilaymiz”, deyiladi klub bayonotida.
Xabarlarga ko‘ra, klub mutaxassis o‘rnini bosadigan yangi murabbiyni topish uchun bir nechta zaxira variantlarini ko‘rib chiqmoqda. 52 yoshli daniyalik murabbiy jamoani 2025 yil iyun oyida qabul qilib olgan edi.
Hozirgi vaqtda “Tottenxem” APLda qiyin davrni boshdan kechirmoqda. Jamoaning g‘alabasiz seriyasi sakkizta o‘yinga yetgan. “Shporlar” 2025-2026 yilgi Premer-liga mavsumida 26 ta o‘yindan so‘ng 29 ochko jamg‘arib, 16-o‘rinda bormoqda. Shu bilan birga, “Tottenxem” Chempionlar ligasi umumiy bosqichida muvaffaqiyatli ishtirok etdi: jamoa sakkizta o‘yindan 17 ochko to‘plab, 4-o‘rinni egalladi va to‘g‘ridan-to‘g‘ri 1/8 finalga yo‘l oldi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Xabi Alonso “Real Madrid”ni tark etganidan so‘ng Londonning “Tottenxem” klubni boshqarish bo‘yicha taklif olganligi haqida xabar berilgan edi.