“Toshshahartransxizmat”: “Chinni bozori” oldida sodir bo‘lgan YTH yuz bermasdan oldin avtobus haydovchisi hushini yo‘qotgan

Jamiyat

image

Avvalroq xabar qilganimizdek, joriy yilning 3 may kuni soat 14:30da Toshkent shahrida joylashgan “Chinni bozori” savdo majmuasi oldidagi avtobus bekatida “Toshshahartransxizmat” AJ tarkibidagi 18-avtobus saroyi tasarrufidagi 147-yo‘nalishda qatnovchi “Mersedes-Bens” rusumli avtobus ishtirokida yo‘l transport hodisasi sodir bo‘lgan. Ushbu holat yuzasidan “Toshshahartransxizmat” AJ Matbuot xizmati maxsus bayonot berdi.
 
Aniklanishicha, 147-yo‘nalishda qatnovchi “Mersedes-Bens” rusumli avtobus haydovchisi M.Tojiboyev transport vositasini bekatga kelib to‘xtatgan. Shundan keyin avtobus noma’lum sabab bilan harakatlanib, oldinda turgan “Isuzu” ga urilgan va bekatdagi ayol va qizni bosib ketgan va g‘ildiraklar ariqqa tushgandan keyingina harakatdan to‘xtagan.

Dastlabki xulosaga ko‘ra 20 yillik tajribaga ega, 54 yoshli haydovchi M. Tojiboyev bekatga kelgan vaqtda salomatligi yomonlashib, xushini yo‘qotgan. Avtobus avtomat boshqaruvda bo‘lgani holda haydovchi to‘xtash pedalini bosib turgan va o‘zini bilmay qolgach, transport vositasi harakatlanib ketgan va yuqoridagi holat sodir bo‘lgan.

Surishtiruvlardan ma’lum bo‘lishicha haydovchi kunora ish rejimida ishlab kelgan. U 2 may kuni to‘liq dam olgan. M. Tojiboyev yo‘nalishga chiqishdan oldin tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilganda sog‘ligidan shikoyat qilmagan. Shifokor ham uning salomatligi yuzasidan hech qanday salbiy holatni aniqlamagan.

Ayni damda haydovchi kasalxonada shifokorlar nazoratida xushsiz holatda.

Voqe yuzasidan surishtiruv ishlari davom etmoqda. Ushbu noxush voqea yuzasidan to‘liq tafsilotlar o‘rganilmoqda.


Maqola muallifi

Teglar

YTH

Baholaganlar

96

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing