Toshkentning eskirgan energetika tarmog‘i ortib borayotgan yuklamaga dosh beradimi?
Jamiyat
−
23 noyabr 2023
4424Kecha, 22 noyabr kuni O‘zbekiston Energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamahmudov Oliy Majlis Qonunchilik palatasining “Hukumat soati”da kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik bo‘yicha hisobot berdi. Majlisda qatnashgan deputat Bobur Bekmurodov Toshkent shahrida ko‘p qavatli uylar qurilishining oshishi energetika tarmog‘iga qanday ta’sir qilayotganiga qiziqdi.
“Toshkent shahrida buni biz ko‘proq kuzatyapmiz, ya’ni ko‘p qavatli uylar, binolar qurilyapti. Bu albatta, yaxshi. Va ikkinchi tomondan bilamizki, xalqimiz orasida, ekspertlar tomonidan aytilishicha, elektr tarmoqlari eskirgan, gaz yetkazib beruvchi yerosti infrastrukturalari eskirgan. Shunga qaramay, uy qurilishi ham davom etyapti. O‘zi bu qurilishlar boshlanishidan oldin bu kabi kamchiliklar inobatga olinyaptimi yo yo‘qmi? Ko‘p joylarda Toshkentda 10 yilda qurilmagan uylar qurilgani haqida o‘qiyapmiz. Xo‘sh, tarmoqlar ortib borayotgan kuchlanishga javob bera oladimi?” degan deputat.
Jo‘rabek Mirzamahmudov esa Energetika vazirligi yangi texnik shartlarning bajarilishi yuzasidan qat’iy turganini aytgan.
“Avvallari “yagona darcha” orqali avtomatik ravishda ruxsatnoma olingan bo‘lsa, biz Prezident huzuriga taklif bilan kirib, buning taqiqlanishiga erishdik”, deydi vazir.
Mirzamahmudovga ko‘ra, Toshkent shahridagi har qanday yirik iste’molchiga Energetika vazirligi darajasida, energiya inspeksiyasini jalb qilgan holda va mutaxassislar tomonidan hisob-kitob qilingandan keyin texnik shartlar berilyapti.
“Ayrim holatlarda ba’zi texnik shartlar bekor qilinyapti yoki investor yo tadbirkor tarafidan yangi quriladigan ob’ektga o‘zi tarmoq tortib kelish yoki o‘ziga alohida transformator qo‘yish shartlari qo‘yilyapti”, deydi Energetika vaziri.
Vazirning qo‘shimcha qilishicha, oldinlari 5 MW'dan yuqori elektr energiyasi iste’molchilari yirik iste’molchilar sifatida Energetika vazirligi darajasida ko‘rib chiqilgan bo‘lsa, hozirda hattoki 0,5 MW yoki 200 kW ulanish masalasi ham vazirlik darajasiga chiqyapti.
Eslatib o‘tamiz, Energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamahmudov agar bu yilgi qishda anomal sovuq takrorlansa, qanday chora ko‘rilishi aniq belgilab olinganini aytgandi. Shuningdek, u O‘zbekistonda energetika tarmog‘ini yangilashga 14 trln so‘m sarflanganini ma’lum qilgandi.