Toshkentliklarni ikki kunlik magnit bo‘roni kutmoqda
Bu qiziq
−
14 iyun 2022
1213715-16 iyun kunlari poytaxt Toshkent aholisi shimoliy yarim shardagi faol magnit bo‘ronining kuchsizroq ta’sirini o‘zlarida his qilishadi. Bu haqda O‘zgidromet mutaxassisi Erkin Abdulaxatov o‘z Telegram-kanalida ma’lum qildi.
Uning qayd etishicha, Toshkent shahrida 15-16 iyun kunlari G3 darajali kuchga ega 4 ballik magnit bo‘ronlar kuzatilishi prognoz qilinmoqda.
G3 daraja – ko‘pchilik uchun xavfli daraja emas.
“Magnit bo‘ronlarining yuqori xavfli darajasi nafaqat inson salomatligi, uning kundalik ish faoliyatiga, balki aloqa, energetika tizimlariga ham sezilarli ta’sir ko‘rsatadi.
Magnit bo‘ronlari G3 darajali davrda ayrimlarda bosh qismining orqa tomonida kuchsiz og‘rish kuzatiladi. Bu paytda shu kabi insonlarga kamroq harakat qilish hamda uyda ko‘proq o‘tirish tavsiya etiladi”, deydi Abdulaxatov.
Uning qo‘shimcha qilishicha, bu vaqt oralig‘ida yuqoridagi omilni o‘zida sezayotgan kishilarga chekish, alkogol mahsulotlari va kofe ichish hamda jismoniy zo‘riqish tavsiya etilmaydi. Ovqatlanish ratsioniga baliq va ko‘katlarni kiritish ma’qul.