Toshkentliklar uzoq vaqt “svet”siz qolganiga izoh berildi

Jamiyat

image

Ijtimoiy tarmoqlarda joriy yilning 15-16 sentyabr kunlari Toshkent shahri hamda mamlakatning ayrim hududlarida aholi xonadonlari ommaviy ravishda elektr energiyasidan uzilganligi to‘g‘risidagi xabarlar tarqaldi.

“Hududiy elektr tarmoqlari” AJ ushbu holatga munosabat bildirib, iste’mochilarning elektr ta’minotidan uzilishi ularning qarzdorligi bilan bog‘liq ekanini ma’lum qildi.

15-16 sentyabr kunlari 58 mingdan ortiq qarzdor iste’molchilarni elektr tarmog‘idan avtomat tarzda o‘chirish amalga oshirilgan bo‘lsa, birgina Toshkent shahrining o‘zida 210 mingta qarzdor iste’molchi (umumiy qarzdorlik 57,3 mlrd. so‘m) aniqlanib, shularning 40 mingdan ortig‘i (umumiy qarzdorlik 3,4 mlrd so‘m) avtomatik ravishda tizim tomonidan tarmoqdan ajratilgan. 

“Taassuflanarlisi, tarmoqdan ajratilganlar orasida uzoq muddat davomida elektr energiyasidan foydalanib, shu kungacha hech qanday to‘lovlarni amalga oshirmagan iste’molchilar ham bor”, deyiladi kompaniya xabarida.

“Hududiy elektr tarmoqlari” ijtimoiy tarmoqlarda ko‘tarilgan yana bir masala, ya’ni iste’molchilar tomonidan qarzdorlik bartaraf etilsa-da, qayta tarmoqqa ulanish kechikayotganligi, ba’zi hollarda bir necha kun “svet”siz qolishga to‘g‘ri kelgani haqidagi xabarlarga ham oydinlik kiritgan. 

“Buning asosiy sababi bir vaqtning o‘zida 110 mingdan ortiq o‘chirib-yoqish bo‘yicha so‘rovlar amalga oshirilganligi, bu esa, o‘z navbatida, “Elektronhisoblagich” QK MCHJga tegishli serverdagi “ESEP” dasturiy ta’minotning katta yuklama bilan ishlashiga olib kelgani yuqoridagi holatlarni keltirib chiqardi.

Xalqaro tajribalar shuni ko‘rsatmoqdaki, elektr energiyasi hisob-kitobini nazorat qilishning avtomatlashtirilgan tizimi joriy etilayotgan boshlang‘ich pallada bu kabi holatlar kuzatilishi tabiiy. Mamlakatimizda tatbiq etilayotgan mazkur tizim ham bundan mustasno emas”, deyilgan AJ xabarida.

Ta’kidlanishicha, elektr energiyasi iste’molchilariga ayni paytda “Elektronhisoblagich” QK MCHJga tegishli serveridagi “ESEP” dasturidagi kamchiliklar qo‘shma korxona mutaxassislari tomonidan bartaraf etilgan.


Maqola muallifi

Teglar

elektr energiyasi Hududiy elektr tarmoqlari

Baholaganlar

63

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing