Toshkentga meteorit tushdimi? (video)

Jamiyat

image

Toshkent shahrining “Kosmonavtlar” metro bekati yaqinida olingan video tarqaldi. Unda osmonda noma’lum yorqin jism uchgani aks etgan. Fanlar akademiyasi bu haqda ma’lumot berdi.

Akademiyaga ko‘ra, mutaxassislar tomonidan mazkur holat yuzasidan dastlabki o‘rganishlar olib borilgan. Hozirgi vaqtda videoda qayd etilgan hodisaning meteorit tushishi yoki boshqa tabiiy yoki texnogen manba bilan bog‘liq ekani rasman tasdiqlangani yo‘q. Yer yuzasiga yetib kelgan qoldiqlar mavjud bo‘lmasa, hodisaning tabiati haqida aniq xulosa berish imkonsiz.

“Ilmiy hisob-kitoblarga ko‘ra, Yer atmosferasiga sutka davomida millionlab mayda kosmik zarralar kiradi, biroq ularning mutlaq ko‘pchiligi atmosferada yonib ketadi. Yer yuzasiga yetib keladigan meteoritlarning umumiy massasi esa o‘rtacha kuniga bir necha o‘n tonnani tashkil etadi. Shu bilan birga, aholi yashash hududlariga yirik meteoritlarning tushishi nihoyatda kam uchraydigan hodisa hisoblanadi”, deyiladi xabarda.

Shuningdek, Fanlar akademiyasi qo‘shimcha ma’lumotlar aniqlanishi bilan jamoatchilikka rasman xabar berilishini aytgan.

Ma’lumot uchun, meteoroitlar – Quyosh tizimida harakatlanuvchi kichik qattiq jismlar bo‘lib, ular Yer atmosferasiga kirganda kuchli qizish natijasida yorqin iz qoldiradi va bu hodisa meteor deb ataladi. Agar bunday jism atmosferada to‘liq yonib ketmay, Yer yuzasiga yetib kelsa, u meteorit deb yuritiladi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Xorazm viloyatidagi uylardan biriga asteroid tushgani haqida xabarlar tarqalgandi. Hodisa sodir bo‘lgan manzilda Ichki ishlar boshqarmasi hamda Favqulodda vaziyatlar boshqarmasining maxsus laboratoriya xizmatlari tomonidan o‘rganish ishlari olib borilgan. O‘rganishlar davomida hodisa joyida hech qanday fazo jismlari yoki portlash xususiyatiga ega moslamalarning qoldiqlari aniqlanmagan.


Maqola muallifi

Teglar

Toshkent meteorit noma'lum jism

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing