Toshkentdan Namanganga qaytayotgan “Navbahor” muxlislari mudhish YTH qurboniga aylandi
Jamiyat
−
11 mart 2019 8278 2 daqiqa
Xabaringiz bor, kecha 10 mart kuni Toshkentda O‘zbekiston Superligasi 1 turi doriasida “Navbahor” va “Qo‘qon –1912” jamoalari o‘rtasidagi vodiy derbisi o‘tkazildi. Aslida bu uchrashuv Namanganda bo‘lib o‘tishi kerak edi.
Lekin, mavsum avvalida Namangandagi “Markaziy” stadionining maysasi almashtirilayotganligi sababli, maydon o‘yinni qabul qilish uchun tayyor holatda emas edi. Shu sababdan, avvaliga, PFL o‘yinni Qo‘qon shahrida o‘tkazish qarorini chiqardi. Keyinchalik noma’lum sabablarga ko‘ra, bellashuv Toshkentga ko‘chirildi.
“Lokomotiv” klubining ikkinchi uy stadioni hisoblanmish, Toshkent temir yo‘llari institutiga qarashli maydonda o‘tkazilgan vodiy derbisida 1:1 hisobi qayd etildi. Shu kuni o‘z suyuklilarini qo‘llab-quvvatlash uchun vodiydan, har ikkala klubning minglab muxlislari poytaxt Toshkentga yetib kelishdi.
Do‘stona durrang guvohiga aylangan muxlislar o‘yindan so‘ng yana dovon osha vodiyga yo‘l olishdi. Afsuski, Namanganning “Navbahor” klubi ashaddiy muxlislaridan ikkitasi uchun kechagi bahs sevimli jamoasini maydonda qo‘llab-quvvatlagan so‘ngi o‘yinga aylandi.
Toshkentdan besh kishi bo‘lib shaxsiy “Nexia” rusumli avtomobilida qaytayotgan muxlislar “Angor” posti yaqinida “Damas” avtomobili bilan to‘qnashib ketgan. Har ikki yengil avtomobil to‘qnashuvdan so‘ng yonib ketishi natijasida, ikkala avtomobildan besh kishi voqea joyida vafot etgan. Vafot etganlardan ikki kishi Toshkentdan qaytayotgan muxlislar edi. Bu haqida vafot etgan muxlislarning yaqinlaridan biri QALAMPIR.UZga ma’lum qildi.
Qolganlar og‘ir tan jarohati bilan shifoxonaga yotqizilgan.
Live
Barchasi