Toshkentdagi restoranlardan birida ommaviy zaharlanish yuz berdi
Jamiyat
−
12 Sentabr
6250Toshkent shahridagi “Muhteshem Doner” restoranida ommaviy zaharlanish yuz berdi. Bu haqda Sanitariya-epidemiologiya qo‘mitasi xabar berdi.
Qayd etilishicha, joriy yilning 6-8 sentyabr kunlari ovqatdan zaharlanish belgilari bilan jami 23 nafar fuqaro, shulardan 22 nafari Epidemiologiya, mikrobiologiya, yuqumli va parazitar kasalliklar ilmiy-amaliy tibbiyot markazi klinikasiga hamda 1 nafari Toshkent shahar 4-son yuqumli kasalliklar shifoxonasiga joylashtirilgan.
Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, ularning barchasi 2024 yilning 5 sentyabr kuni Yunusobod tumanida joylashgan “Muhteshem Doner” kafesida bir nechta turdagi taomlarni iste’mol qilgan. Olib borilgan davolash muolajalari natijasida bemorlarning ahvoli yaxshilangan va 12 sentyabr soat 09:00 da ularning 13 nafariga uyga ketishga ruxsat berilgan.
“Shuningdek, qolgan 10 nafar bemorga davolash muolajalari davom ettirilmoqda va kasallik dinamikasida ijobiy o‘zgarishlar kuzatilmoqda. Barcha bemorlarning ahvoli qoniqarli holatda“, deyilgan Sanepidqo‘mita xabarida.
Bildirilishicha, kafe faoliyati vaqtincha to‘xtatilgan, iste’mol qilingan oziq-ovqat mahsulotlari qoldiqlaridan namunalar olinib, laboratoriya tekshiruvlari davom ettirilmoqda.
Birlamchi epidemiologik surishtiruv natijalariga ko‘ra, zaharlanishga kafeda tayyorlangan sous (bemorlarning barchasi iste’mol qilgan mahsulot) sabab bo‘lgan bo‘lishi mumkin, degan xulosaga kelinmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Buxoro viloyatida o‘tkazilgan to‘y marosimida 50 nafardan ko‘proq odam ovqatdan zaharlangandi.
LiveBarchasi