Toshkentdagi Magic City'ning egasi yana o‘zgardi
Jamiyat
−
17 mart
18707Milliy bog‘ hududining deyarli 21 gektar qismiga egalik qiluvchi “Stargate Systems” MCHJning 86,2 foizi “Xonadon taomlari” MCHJga o‘tkazish bo‘yicha ariza qanoatlantirildi va bitimlarga rozilik berish haqida qaror qabul qilindi. Bu haqda Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi xabar berdi.
Qayd etilishicha, raqobat qo‘mitasi tomonidan “Xonadon taomlar” MCHJ “Stargate Systems” MCHJning 86,2 foiz ulushlarini olish bo‘yicha arizasi ko‘rib chiqilgan va ariza qanoatlantirilgan.
“Qo‘mitaning maxsus komissiyasi tomonidan o‘tkazilgan tahlil natijalariga ko‘ra, mazkur bitimlar bozorda raqobatga ta’sir ko‘rsatmasligi bo‘yicha xulosaga kelindi va arizani qanoatlantirish va bitimlarga rozilik berish haqida qaror qabul qilindi”, deyiladi xabarda.
KTYADR (korxonalar va tashkilotlarning yagona davlat registri) ma’lumotlariga ko‘ra, “Stargate Systems” 2005 yilda tashkil etilgan va istirohat bog‘larini boshqarish bilan shug‘ullanadi. Kompaniyaning ustav kapitali 426,94 mlrd so‘mni tashkil etib, uning 86,2 foizi 2019 yilda tashkil etilgan Tashkent Aquariumʼga tegishli.
Yana 13,8 foizga Prezidentning sobiq maslahatchisi Abdujabbor Abduvohidovning (Jahongir Ortiqxo‘jayevning qudasi) o‘g‘li Alisher Abdujabborovich Abduvohidov egalik qiladi. U ustav fondi 57,04 mlrd so‘mga teng bo‘lgan Tashkent Aquariumʼning yagona egasi hisoblanadi. Kompaniyalarning yuridik manzili ham bir xil.
“Xonadon taomlari” 2023 yil oxirida tashkil etilgan bo‘lib, restoran biznesi va yetkazib berish sohasida faoliyat yuritadi. 50 mln so‘mlik ustav kapitaliga ega kompaniyaning yagona ta’sischisi Firdavs Muhamadiyev, rahbari esa Bekzod Abdumajidov hisoblanadi. Kompaniya sahifasidagi aloqa telefoni va elektron pochta manzili Tashkent Aquarium bilan bir xil.
LiveBarchasi