Toshkentdagi kinofestivalda Ukrainadagi urush haqidagi film namoyishi to‘xtatildi
Madaniyat-san’at
−
05 aprel
7281Toshkentdagi Artdocfest Asia festivali doirasida Ukrainadagi urush haqidagi “Sharqiy front” filmi namoyishi to‘xtatildi. Bu haqda Rossiyalik rejissyor Vitaliy Manskiy o‘zining Facebook'dagi sahifasida ma’lum qildi.
Uning yozishicha, dastlab “Sharqiy front” filmining namoyishi to‘xtatilgani, keyinchalik barcha namoyishlar ham taqiqlangan. Rejissyor bu harakatlar O‘zbekiston Madaniyat vazirligi buyrug‘i bilan amalga oshirilganligini ta’kidlagan.
Mazkur holat yuzasidan Madaniyat vazirligi Matbuot xizmati rasmiy munosabat bildirdi. Unga ko‘ra, tashkilotchilar qonunchilikda belgilangan tartibda ruxsatnoma olmagani sababli namoyishlar to‘xtatilgan.
“Amaldagi normativ-huquqiy hujjatlarga ko‘ra, respublika hududida mahalliy va xorijiy filmlarni namoyish etish uchun xususiy tadbirkorlar tomonidan Kinematografiya agentligiga ariza bilan murojaat etadi hamda agentlik tomonidan ushbu murojaat 10 ish kunida ko‘rib chiqiladi”, deyiladi vazirlik bayonotida.
Qayd etilishicha, filmni ommaviy namoyish etishda bir qator talab va shartlarga qat’iy rioya etilishi belgilangan. Mazkur talab va shartlarga amal qilinmasligi filmni ommaviy namoyish etish uchun berilgan ruxsatnomaning bekor bo‘lishiga olib kelishi ko‘zda tutilgan.
“Yuqoridagi hujjatlarda O‘zbekiston Respublikasi hududida ommaviy tadbirlarni o‘tkazish uchun Ichki ishlar vazirligidan ruxsatnoma olishi shart ekani belgilangan. Biroq, 2-8 aprel kunlari Toshkentda bo‘lib o‘tishi rejalashtirilgan Artdocfest Asia festivali deb nomlangan ommaviy tadbirni o‘tkazish uchun tashkilotchilar O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligida belgilangan tartibda ruxsatnoma olishmagan. Huquqni muhofaza qiluvchi idoralarning rasmiy ravishda ogohlantirishlariga qaramay ommaviy tadbir va filmlar namoyishini tashkil etib, ma’muriy huquqbuzarlik sodir qilishgan”, deyiladi rasmiy munosabatda.
Shu o‘rinda, Madaniyat vazirligi ommaviy tadbirlar, jumladan, festivallar va ularda filmlar namoyishini to‘xtatish uning vakolatiga kirmasligini bildirgan.
LiveBarchasi