Toshkentdagi “dom”da ichida odamlari bo‘lgan lift pastga tushib ketdi
Jamiyat
−
12 mart 16719 2 daqiqa
Ijtimoiy tarmoqlarda Toshkentdagi ko‘p qavatli uyning lifti ichidagi odamlari bilan pastga tushib ketgani to‘g‘risidagi video tarqaldi. Holat yuzasidan Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi munosabat bildirdi.
Ma’lum qilinishicha, voqea Yashnobod tumani Normuhammedov dahasi 12-uyning liftida kuzatilgan. Ushbu holat vazirlikning mas’ul xodimlari tomonidan joyiga chiqqan holda o‘rganilgan. Ta’kidlanishicha, liftning to‘xtash qavatiga kelganda sekinlashtirish funksiyasini amalga oshiruvchi datchik nosozligi tufayli o‘z vaqtida kerakli signal yetib bormagan. Shu bois liftning himoya fuksiyasi ishlab, 2- va 3-qavatlar oralig‘ida harakatlanishdan to‘xtagan.
Ko‘p qavatli uyga xizmat ko‘rsatuvchi “Eko hudud” va liftlarning ekspluatatsiyasini shartnoma asosida amalga oshirib kelayotgan “Xavfsiz lift” tashkilotining 24/7 dispetcherlik xizmatiga kelib tushgan murojaat tezkorlik bilan bartaraf etilgan. Voqea joyiga liftga xizmat ko‘rsatuvchi tashkilot vakillari yetib kelib, aholini 4-5 daqiqa ichida chiqarib olishga muvaffaq bo‘lgan.
Vazirlik vakillari muammoni keltirib chiqarayotgan sabablarni tub mohiyatiga yetish maqsadida Yashnobod tumani hokimi, Sanoat, radiatsiya va yadro xavfsizligi qo‘mitasi vakillari va boshqa mutasaddi tashkilotlar bilan holatni muhokama qilgan.
“Bunda tizimni raqamlashtirish, kuzatuv mexanizmini yanada kuchaytirish lozimligi ta’kidlandi. Shuningdek, mas’ullarga lift kabinalarida aloqa kanallarini yaxshilash yuzasidan aniq topshiriqlar belgilanib, mazkur holatlarning oldini olish yuzasidan zarur chora-tadbirlarni amalaga oshirish lozimligi ta’kidlandi”, deyiladi xabarda.
Qayd etilishicha, hozirda lift qurilmasi soz holatga keltirilgan.
Eslatib o‘tamiz, 3 fevral kuni Toshkent shahrining Olmazor tumanida joylashgan savdo majmuasida farrosh ayol lift toshlari qisib qolishi oqibatida vafot etgandi.