Toshkentdagi “Brodvey” hududi yangilanadi
Jamiyat
−
06 may 3603 1 daqiqa
Toshkent shahridagi eng mashhur joylaridan biri – “Brodvey” nomi bilan tanilgan Sayilgoh ko‘chasi va unga tutash hududlar kompleks tarzda yangilanadi. Bu haqda shahar hokimligining matbuot xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, ko‘chaning piyodalar yo‘laklari, o‘tish joylari, yoritish tizimi, irrigatsiya, xavfsizlik va tashqi ko‘rinishni zamonaviy talablar asosida qayta ko‘rib chiqish rejalashtirilgan. Shuningdek, peshlavhalar va reklamalar yagona dizayn-kod asosida tartibga solinadi, noqonuniy qurilmalar demontaj qilinadi, savdo faoliyati belgilangan me’yorlarga moslashtiriladi hamda jamoat joylarida videokuzatuv tizimlari joriy etiladi.
Hokimlik bergan xabarda aytilishicha, hududning ochiq va ijodiy muhiti saqlab qolinadi. Ko‘cha rassomlari va ijodiy jamoa vakillariga rekonstruksiyadan so‘ng faoliyat yuritishi mumkin bo‘ladi. Tayyorgarlik jarayonida aholi va mutaxassislar fikr-mulohazalari ham inobatga olinadi.
Shu bilan birga, mavjud daraxtlar mutaxassislar nazorati ostida ko‘rikdan o‘tkazilmoqda, yana qo‘shimcha ravishda kamida 1000 tup daraxt, butalar va manzarali o‘simliklar ekilishi rejalashtirilgan.
Ma’lumot uchun, mazkur hududga Sayilgoh ko‘chasi, unga tutash xiyobonlar, yashil maydonlar, piyodalar yo‘laklari va boshqa shahar infratuzilmasi elementlari kiradi. “Brodvey” tarixan rassomlar, musiqachilar va shahar aholisi to‘planadigan jonli madaniy makon sifatida shakllangani bilan alohida ahamiyatga ega hudud hisoblanadi.
Oybek Rustamov
Live
Barchasi